Rim Papasini saylash uchun kardinallar yig‘ilishi – konklav 5 may kuni bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda TASS agentligi yozdi.
Vatikanning Muqaddas taxti matbuot xizmati ma’lum qilishicha, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan kardinallar kongregasiyasi majlisida Papa vafot etganidan so‘nggi to‘qqiz kunlik motam – “novendial” 26 apreldagi dafn marosimi bilan boshlanib, 4 mayga qadar davom etadi.
Ayni paytda Apostol taxti bo‘sh qolgan davrdagi muvaqqat masalalarni hal qilish uchun tuzilgan kongregasiyada 103 nafar kardinal ishtirok etmoqda. Vatikanda yaqin kunlarda yana boshqa cherkov amaldorlarining kelishlari kutilmoqda.
Kardinallar kollegiyasi jami 252 nafar, shundan 135 nafari konklavda ovoz berish huquqiga ega. Ular 80 yoshga to‘lmagan kardinallar bo‘lib, har biri Yangi Papa lavozimiga nomzod sifatida ko‘riladi. Konklav an’anaviy ravishda Vatikandagi Sikstin kapellasida o‘tkaziladi. Har kuni to‘rt marta ovoz berish jarayoni amalga oshiriladi. Yangi Papa saylanishi uchun kardinallarning uchdan ikki qismi unga ovoz berishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Rim Papasi Fransisk joriy yilning 21 aprel kuni, 89 yoshida vafot etdi.
U 2013 yildan buyon Rim-katolik cherkoviga rahbarlik qilgan edi. Fransisk vasiyatiga binoan Santa-Mariya-Madjore bazilikasida dafn etildi.
Papaning vatani Argentinada bir haftalik motam e’lon qilindi.