Eron janubidagi Shahid Rajayi portida kuchli portlash yuz berdi, deb xabar beradi Sinxua axborot agentligi.
Eron favqulodda qidiruv-qutqaruv xizmati rasmiy vakili Babak Yektaparastning aytishicha, portlash oqibatida 516 kishi jabrlangan, barcha jarohatlanganlar shifoxonalarga yetkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, portlash oqibatida Shahid Rajayi portidagi ma’muriy binolardan biri, shuningdek, ko‘plab avtomobillar zarar ko‘rgan.
Eron hukumati matbuot kotibi Muhajeroniy portda kimyoviy moddalar saqlanayotgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan konteyner portlaganini aytdi. Biroq uning fikricha, yong‘in to‘liq o‘chirilgunga qadar portlashning aniq sababini aytish qiyin. U voqea sabablarini aniqlangach, jamoatchilikka aniq ma’lumot berishga va’da berdi.
Hozirda Shahid Rajayi porti vaqtincha yopilgan, voqea joyida tergov va qutqaruv ishlari olib borilmoqda.