Qozog‘iston Rossiya bilan urush haqida gapirdi.
Rossiya Qozog‘istonning "strategik hamkori" bo‘lib qolmoqda, yaqinda qabul qilingan "Hududiy mudofaa to‘g‘risida"gi qonun esa faqat ichki xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, Rossiyaga qarshi yo‘naltirilmagan. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi bir qator ommaviy axborot vositalarida tarqalgan, vazirlik tomonidan yolg‘on va chalg‘ituvchi deb baholangan nashrlarga izoh berar ekan, ma’lum qildi.
"Rossiya Qozog‘istonning strategik sherigi hisoblanadi, uni KXSHT, MDH, SHHT va EOII doirasidagi yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik aloqalari bog‘lab turadi. "Hududiy mudofaa to‘g‘risida"gi qonun loyihasining go‘yo Rossiyaga qarshi yo‘naltirilganligi haqidagi bayonotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va yuz berayotgan voqealarning mohiyatini noto‘g‘ri aks ettiradi," - deya ta’kidlandi vazirlikning rasmiy bayonotida.
"Hududiy mudofaa to‘g‘risida"gi qonun Qozog‘iston parlamenti Majlisi tomonidan 2025 yilning aprel oyida qabul qilingan. Hujjat harbiy holat davrida ko‘ngilli o‘zini o‘zi mudofaa qilish otryadlarini tashkil etishni nazarda tutadi. Bu tuzilmalar strategik ob’ektlarni qo‘riqlash, mudofaa inshootlarini barpo etish, evakuasiyani uyushtirish va boshqa vazifalarni bajarishi kerak. Zarur hollarda ular jangovar vazifalarni bajarish uchun Qurolli Kuchlar tarkibiga kiritilishi mumkin. Hozirda qonun tasdiqlash uchun Senatga yo‘llangan.
Qonun qabul qilingach, bir qator xorijiy va mintaqaviy ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston go‘yo Rossiya bilan urushga tayyorlanayotgani haqidagi da’volar paydo bo‘ldi. Bunga sabab, qonunga ilova qilingan hujjatlarga ko‘ra, hududiy mudofaaning eng yirik guruhlaridan biri go‘yo Rossiya Federasiyasi bilan chegarada joylashtirilishi aytilgan. Shu bilan birga, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi chegara dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasi hisoblanib, uning uzunligi 7,5 ming kilometrdan oshadi.