Bugun 22 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Qarz olish, berish, undirish bo‘yicha muhim 5 ta qoidani bilasizmi?

A A A
Qarz olish, berish, undirish bo‘yicha muhim 5 ta qoidani bilasizmi?

Qarz shartnomasi tuzilmasa nima bo‘ladi? Qarzni undira olmasa, qarz olgan shaxs javobgarlikka tortiladimi? Sud orqali qarzni undirish uchun qancha davlat boji to‘lanadi? Quyidagi maqolada qarzga oid muhim normalar tushuntiriladi.

1. Tilxat ham shartnoma o‘rniga o‘tadi.

Qarz berayotganda uni oddiy yozma shartnoma bilan rasmiylashtirish kerak, bu keyinchalik yuzaga keladigan muammolarni Sizning foydangizga hal qilishga yordam beradi.

Qarzning miqdori 3 mln 300 ming so‘mdan (BHMning 10 baravari) ko‘p bo‘lsa yozma shartnoma tuzilishi majburiy.

Qarz oluvchi yoki beruvchining biri yuridik shaxs bo‘lganida esa, qarz miqdoridan qat’i nazar yozma shartnoma tuzilishi kerak.

Hech bo‘lmaganda, qarz oluvchidan tilxat olish yoki qarz berilganligini tasdiqlaydigan qandaydir hujjat bo‘lishi kerak, masalan tovarni yoki pulni topshirish va qabul qilish dalolatnomasi.

Bunda tilxat yoki yuqorida aytilgan boshqa hujjat yozma shartnomaning o‘rnini bosadi.

Qarz miqdori 3 mln 300 ming so‘mdan ortiq bo‘lganda yozma shartnoma tuzilmasa, taraflarning bitimi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas deb topiladi.

Bitimning haqiqiy emasligi esa taraflarga hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi. Ya’ni qarzni to‘lamasa, qarz oluvchiga qonuniy tomondan hech qanday chora ko‘rish mumkin bo‘lmaydi.

2. Qazni qaytarish muddati belgilanmagan bo‘lsa…

Qarz oluvchi qarzini shartnomada ko‘rsatilgan muddatda va tartibda qaytarishi shart.

Qarzni qaytarish muddati shartnomada ko‘rsatilmagan bo‘lsa, qarzdor uni qarz beruvchi qarzni so‘raganidan boshlab 30 kunda qaytarishi kerak.

3. Qarz vaqtida to‘lanmasa, o‘tib ketgan kunlar uchun foiz undiriladi.

Qarz vaqtida to‘lanmasa, o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun o‘sha hududdagi bank stavkasi bo‘yicha foiz to‘lanadi. Agar shartnomada boshqacha foiz nazarda tutilgan bo‘lsa, sharnomadagi miqdor qo‘llaniladi. Masalan, bank foizi 14 bo‘lsa, shartnomada 20 ko‘rsatilsa, 20 foiz qo‘llaniladi.

Qarzni bo‘lib-bo‘lib qaytarish belgilangan bo‘lsa, qarzdor navbatdagi to‘lov muddatini buzsa, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha qismini foizlar bilan muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.

4. Qarz bo‘yicha ma’muriy yoki jinoiy ish qo‘zg‘atilmaydi.

Qarz beruvchi qarzni vaqtida qaytarib ololmaganida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi kerak.

Prokuratura, ichki ishlar organlari yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar qarzdorga qarzni vaqtida qaytarmagani uchun ma’muriy yoki jinoiy ish qo‘zg‘atmaydi.

Chunki bu fuqarolik-huquqiy munosabat, Siz o‘z ixtiyoringiz bilan pul bergansiz. Mazkur organlar faqat Sizga sudga murojaat qilish tartibini tushuntirishi mumkin.

5. Qarz yozma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, ish oson bitadi.

Sudga ariza berilganda da’vo bahosining 4 foizi miqdorida davlat boji undiriladi. Masalan, 15 mln qarzni undirish bo‘yicha ariza berilgan bo‘lsa 600 ming so‘m davlat boji to‘lanadi.

Suddan davlat boji va boshqa xarajatlarni qarzdordan undirib olishni so‘rash mumkin, sud holatdan kelib chiqib ishni hal qiladi.

Qarz berish yozma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, sudda ish tezda hal bo‘ladi va ish ijroga qaratiladi.

Ish sudda ko‘rib chiqilganidan so‘ng qarzdorga sud hujjatini ixtiyoriy ijro qilish uchun 15 kungacha muddat beriladi, bu muddat ichida qarz to‘lanmasa majburiy ijro choralari ko‘riladi. Masalan, qarzni undirish uchun qarzdorning oyligidan ushlab qolinadi, mulklari xatlovga olinadi va hokazo.

Kiritildi: 19:32 27.07.2023. O'qildi: 11741 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!