Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Zulfiqor Musoqov: “Yaqinda Prezidentga kino sohasidagi muammolarimiz haqida ochiq-oydin faktlar bilan murojaat qilaman” 

Zulfiqor Musoqov: “Yaqinda Prezidentga kino sohasidagi muammolarimiz haqida ochiq-oydin faktlar bilan murojaat qilaman” 

— Birinchi bo‘lib so‘raydiganim «Osmondagi bolalar» filmi haqida. Kinoda Hamdam yozgan ssenariy sayoz deb baholanadi. Uni Mustafoqul Boltaboyev nomidan berilsa, maqtovlarga ko‘miladi. Badiiy kengash ssenariy mazmuniga emas, kimning qo‘li bilan yozilganini ahamiyatga olgani, aslida, ikkisi ham bir havaskor ijodkor tomonidan yozilgani buni bilab qolgan baholovchilarning qonini qaynatganini ko‘rgan tomoshabin zavqlanadi. Hayotning achchiq haqiqati yumor bilan silliqlanib ketgandek go‘yo. Sizningcha, kino uchun ssenariy tanlashda muallifning shaxsi qanchalik ahamiyatli?

— Uzr, kulib yubordim… Birinchi savolingizga lo‘nda javobim: filmdagi siz aytgan kulgili voqea o‘zimning hayotimda ro‘y bergan... Voqeaga esa hamma guvoh bo‘lgan... Bu kulgili epizodni hozirda hech yozib tugata olmayotgan ikkinchi kitobim “Ischezashaya kniga” — “G‘oyib bo‘layotgan kitob”da yozgan edim... O‘sha kitobimda hayotimdagi bo‘lib o‘tgan voqealarni ma’yus yumor bilan aks ettiryapman. 1988 yilda Goskino SSSR Oliy ikki yillik rejissyorlar va ssenaristlar aspirantura kursida o‘qiyotgan kezlarim Toshkentga ta’tilga kelib to‘rtinchi ijodiy uyushmaga ikkita ssenariy topshirgan edim: “Abdullajon” bilan “Bir qadam o‘ngga, bir qadam so‘lga” deb nomlangan ssenariylarni.

Yoshi ulug‘ rejissyorlardan biri ikkinchi ssenariyimni suratga olmoqchi bo‘ldi. Lekin uning sharti menga g‘alati tuyuldi — ssenariy o‘zga muallifning nomidan topshirildi... “Abdullajon”ni esa o‘z nomimdan topshirgan edim. O‘sha paytda o‘zbek kinosiga katta hissa qo‘shgan arbobimiz, (hozir rahmatli bo‘lib ketgan), ikkalasini ham o‘qib chiqib menga shunday degan edi: «Abdullajon g‘irt bemaza narsa, qayerda ko‘rgansan o‘zbeklarning ketmonda uchishini? Mana, buni o‘qi, haqqoniy professional ssenaristning ishi!», deb menga o‘zimning ssenariyimni bergan edi. Keyin film ishga tushgandan so‘ng muallifning kimligini bilib, mendan biroz xafa ham bo‘lganlar... “Osmondagi bolalar”ning ssenariysini o‘sha davr kinorahbari Murod Muhammad Do‘st men va rahmatli hammuallifim Rixsivoy akadan yoshlarimiz haqida bir ssenariy iltimos qilgan edi. Biz yozdik... keyin men film oldim. Bo‘lgan gap shu.

— Sharof Rashidov va 1962 yilgi voqealar haqida film ishlamoqchi bo‘lganingizni aytishdi. Bu haqida batafsil aytib bersangiz, yangiliklar bormi?

— Bu ssenariy xudo xohlasa o‘z navbatini kutyapti... Materiallarni o‘rganyapman... Hozir birvarakayiga uchta loyiha bilan bandman.

— O‘zbekistonda mustaqillikka qadar bo‘lgan davr, 25 yil va undan keyingi davr solishtiriladi. Sobiq Ittifoq davri bilan mustaqillik vaqtidagi vaziyatda qandaydir farq bo‘lishi tabiiy. Lekin ayting-chi, o‘zbek kinosida dastlabki 25 yil va undan keyingi davrning ulkan farqi bormi?

— Boshqalar uchun javob bera olmayman. O‘zim uchun esa bor, albatta. Aynan kino sohasida o‘zgarishlar menda ko‘proq salbiy munosabat tug‘diradi. Toshkentdagi MDHda eng yaxshi sanalgan Kinochilar uyining vayron qilinishi, respublikamizda kinoteatrlar soni umuman kamayib ketgani meni juda ranjitdi... Davlatimiz shu yillar ichida kino san’atini rivojlantirishga bevosita moddiy yordam qilmoqda, lekin Prezident SH.Mirziyoyev ijodkorlar bilan uchrashuvda ikkita fikrini, ya’ni birinchidan, kino san’ati mamlakatimizda yoshlarimizning dunyoqarashiga, tarbiyasiga berayotgan ahamiyati mudofaa vazirligi bilan teng, ba’zi hollarda undan ham muhimroq ekani, ikkinchidan, san’at va biznes degan tushunchalar hech qachon birga bo‘lmaydi degan so‘zlari, afsuski, ko‘plab almashib turgan kinorahbarlar (mening xayotimda 15tasi almashdi) tomonidan amalga oshirilmayapti. Kino men uchun, avvalombor, san’at va boshqa hech narsa. O‘zingiz o‘ylang, 34 yarim million aholisi bor davlatda atigi 61 ta kinoteatr bo‘lsa... Lekin bitta Toshkentning o‘zida 143 ta to‘yxona bor... Albatta, bu mening shaxsiy fikrim.

Yaqinda Prezidentga kino sohasidagi aniq muammolarimiz haqida ochiq-oydin faktlar bilan murojaat qilaman...

— So‘nggi kunlarda juda ko‘p bora muhokama qilingan «Ilhaq» filmi haqida. Kino sizga yoqdimi? Qanday kamchilik yoki yutuqlarini ko‘ra oldingiz?

— Men hamkasblarimning ishlari haqidagi fikrlarimni faqat badiiy kengashda aytaman. Agar kamchiliklarini OAV orqali bildirsam, bu men tomondan beandishalik va nokamtarlik bo‘ladi. O‘zgalarda baribir, o‘zining kinosini maqtayapti, degan fikr keladi. Avvalo, rejissyorning o‘ziga aytaman, agar uni mening fikrim qiziqtirsa, albatta.

— Ayrim taniqli va iste’dodli aktyorlarimiz (xususan, Ulug‘bek Qodirov) xorijga chiqib ketishmoqda ekan. Bunga sabab ular chet el tajribasini ko‘rmoqchi ekanimi yoki bizdagi kino sanoati rivojlanmayotganimi?

— Men bu aktyor bilan hech qachon muloqotda bo‘lmaganman. Nimaga ketganini bilmayman. Bizda esa kino sanoati degan narsa yo‘q.

— Faoliyatingizda aktyor tanlash bobida eng omadli va omadsiz tanlov qaysi filmda bo‘lgan?

— Buni vaqt va tomoshabin aytar...

— Bugungi kunda xalqimizga ko‘proq qaysi janrdagi filmlar kerak deb o‘ylaysiz?

— Xamma janrlar kerak, faqat zerikarli bo‘lmasa bas...

— Ko‘p kinolarimizda grafika masalasi achinarli ahvolda. Qandaydir portlashlar, avariyalar, xayoliy kadrlar juda sodda ko‘rinishda ya’ni ishonarli emas. Buning uchun nima yetishmaydi: mablag‘mi yoki mutaxassis?

— Afsuski, ham mablag‘, ham mutaxassis.

— Kinodan butunlay ketib qolish haqida hech o‘ylaganmisiz? Agar qachondir kinoni tark etsangiz, bunga nima sabab bo‘lishi mumkin...

— Bunaqa hollar bo‘lgan... “Berlin-Oqqo‘rg‘on”ning tasvirga olinishi to‘xtatib qo‘yilganida... Tark etish sababi? Bilasizmi, kaltafahm, diletant, maddoh, faqat minbardan turib vaysab, kattalarga paxta qo‘yadigan, ochiqdan-ochiq sotqin odamlarning bizning kinomizning taqdirini hal qilishi jonimga tegdi... Ularga ming gapirma, ichki dunyosi chirigan. Qo‘limdan kelgancha qonun doirasida bu san’atning dushmanlari bilan 32 yildan beri olishib kelaman.

— Mazmunli suhbat uchun tashakkur. Sizdan kelgusida yana sermazmun kinofilmlar kutib qolamiz.

Sherali SOLIYEV suhbatlashdi

Kiritildi: 14:04 20.05.2020. O'qildi: 4579 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!