Bugun 6 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Zulayho Boyxonova: “Onam aytganini emas, qalbim buyurganini tanladim...”

Zulayho Boyxonova: “Onam aytganini emas, qalbim buyurganini tanladim...”

– Keling, suhbatimizni biroz avvaldan boshlasak. Mashhur Zulayho Boyxonova bo‘lishingiz uchun ilk qadamlarni qanday qo‘ygansiz?

– Men «Assalomu alaykum, aziz tomoshabinlar! Hozir sahnamizga O‘zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonovani taklif qilamiz, marhamat», deb o‘zimga o‘zim qarsak chalib, oynasi yo‘q deraza romidan «sahna»ga chiqib kelardim... Ha, yoshligimda mana shunday shirin xayollar og‘ushida uchib yurar edim… Namangan viloyatining Uychi tumani, Birlashgan qishlog‘ida oddiy oilada tug‘ilib-o‘sdim. Ota-onam ziyoli insonlar bo‘lishgan. Biz oilada olti farzandmiz, to‘rt qiz, ikki o‘g‘il. Onam «Sen beshikda yotgan paytingdayoq, sa’natkor bo‘lishing bilinardi. Men uy ishlari bilan ovora bo‘lib, seni beshikka boylab ketardim. Sen bo‘lsa, o‘zingga o‘zing alla aytib, uxlab qolarding», deb ko‘p aytardilar.

Maktabda adabiyot, tarix, jismoniy tarbiya va eng asosiysi musiqa madaniyati fanini yaxshi ko‘rib o‘qirdim. Musiqa o‘qituvchimiz Dolimjon Abdullayev boshqa sinfdoshlarimga qaraganda menga ko‘proq e’tibor berardi.

O‘sha paytlarda maktabdan keyin bizni paxta terimiga olib chiqishardi. Paxtazor etagidan temir yo‘l o‘tgan edi. Poyezd har o‘tganda tikilib qolardim va «Bir kun kelib men ham shu poyezdda Toshkentga o‘qishga ketaman, mashhur san’atkor bo‘laman», derdim o‘zimga o‘zim.

Mana bugun o‘sha orzularim ro‘yobini ko‘rib turibman.

– Eshitishimizcha san’atkor bo‘lishingizga onangiz qarshi bo‘lgan ekanlar…

– To‘g‘ri, onam doim «Ayol kishiga o‘qituvchilikmi, shifokorlikmi, hech bo‘lmasa tikuvchilik yarashadi, qo‘y shu san’atkorlikni» deb aytardilar. U vaqtlarda ko‘chadan, yonimizdan bir erkak kishi o‘tib qolsa, to o‘sha odam uzoqlashib ketguniga qadar yuzini berkitib turar edi ayollar. Shunday bo‘lgandan keyin ko‘pchilik ichida, erkaklar orasida qo‘shiq aytishimni tasavvur qilish ham qiyin edi-da.

Lekin otam san’atni yaxshi ko‘rganliklari, menga ishonganliklari bois hech qachon qarshilik qilmaganlar. Xudoga shukr, hech ham ota-onamning yuzini yerga qaratmadim.

– Inson hayotda o‘z o‘rnini topishida u yashaydigan muhit, atrofdagi insonlarning ta’siri katta bo‘ladi. San’atga muhabbat qo‘yishingizga kimlar daxldor bo‘lgan, deb hisoblaysiz?

– Yoshligimizda radioda ayollardan ustoz sa’natkorlar Habiba Oxunova, Marg‘uba Sobirova, Sanobar Rahmonovaning qo‘shiqlari tez-tez berilardi. Televizorda «Kuyla, Sanobar!» deb nomlangan filmni ko‘raverib, deyarli yodlab olganman. Mana shu ustozlarimizning qo‘shiqlarini eshitib, ularga taqlid qilib san’atga kirganman.

– Ancha yillardan buyon sa’nat ichida yurgan, sahnaning past-balandini bilgan inson sifatida sohadagi oxirgi o‘zgarishlarni qanday baholagan bo‘lar edingiz?

– Bizning yurtda san’atga e’tibor hech qachon bugungiday yuksak bo‘lmagan, desam mubolag‘a emas. Prezident tomonidan maqom san’atini rivojlantirish to‘g‘risida farmon e’lon qilindi. Mana shu farmondan keyin nafaqat maqom san’ati, balki umuman milliy san’atimizga e’tibor kuchaydi. Ahamiyat bersangiz, davlat tadbirlarida aytilayotgan qo‘shiqlarning avji boshqacha, qo‘shiqlar yurakdan chiqmoqda, eng asosiysi, jonli ijroda kuylanyapti.

– Ba’zida shovqindan quloqlarimiz charchaydi. O‘tirib bitta tor bilan kuylanadigan qo‘shiqlarni qumsab qolamiz. Sizning ham ortiqcha hashamatsiz, ortiqcha shovqinsiz qo‘shiqlaringizni eshitib ko‘ngillar yayraydi. Hozir aynan shunday qo‘shiqlar negadir kam aytilyapti. Nima deb o‘ylaysiz, milliy qo‘shiqlarni xalqimiz yodidan chiqarib qo‘ymayapmizmi?

– Yoshligida milliy qo‘shiqlarni eshitib katta bo‘lganlar keyinchalik ham shovqin-suron, «gumbur-gumbur»ni qabul qilishi qiyin. Hozirgi yoshlarni ayblab bo‘lmaydi. Chunki ular qanchadir davr ichida mana shunday shovqin-suronli turkcha, inglizcha qo‘shiqlarni eshitib katta bo‘lishdi-da. Kimdir o‘ta baland ovozda musiqa eshitib dam oladi. Kimdir past, yumshoq ovozni miriqib tinglaydi.

Milliy san’at esa baribir yashayveradi. Chunki, u qon-qonimizga singib ketgan, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib o‘tib kelmoqda. Bizdan keyin ham mana shunday qolishiga ishonaman.

– San’atga kirishdan avval oldingizga qanday maqsad qo‘ygansiz?

– Hayotda maqsadsiz yashab bo‘lmaydi. Alloh har bandasini shunday mukammal qilib yaratgan ekanki, qalbingizni o‘zi sizni boshqarib turarkan. Boya aytganimdek, men onam tanlagan kasbni emas, aynan qalbim buyurgan kasbni tanladim. San’atkor bo‘laman, dedim, oldimga maqsad qo‘ydim. Ota-onamni rozi qilish uchun, duolarini olish uchun ko‘ngillariga yo‘l topdim.

San’at oliygohining musiqa fakultetida vokal, ovoz yo‘naltirish bo‘yicha O‘zbekiston xalq artisti Asad Azimov, maqom yo‘nalishi bo‘yicha Isoq Kattayevdan saboq olganman. Oliygohni 1986 yilda bitirdik. O‘sha paytda diplom olish uchun hamma talabalar viloyat teatrlarida ishlab berishi kerak edi. Biz, yetti nafar kursdosh Mulla To‘ychi Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida to‘rt oy ishladik. O‘shanda Muqimiy teatrining oldingi rahbari Bahriddin Nasriddinov ishga taklif qildilar. U yerda solist-vokalist bo‘lib 2011 yilga qadar bosh qahramon rollarini ijro etdim. Teatrda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti unvonlarini oldim.

– Fursatdan foydalanib so‘rab olay, nima uchun teatrdan ketdingiz?

 – Bir vaqtlar maqom ansambliga borganimizda Orifjon Ho t amov «Qizim, shu teatrda faqat rol o‘ynab qolib ketmagin. O‘zing ham qo‘shiqlar aytib, yozib qoldirgin» deganlari hamon yodimda.

Ana o‘sha vaqtlar ustozim, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov bilan ham tanishganman. Qarang, qo‘shiqchilik sa’natiga shunchalik qiziqib ketdim. Teatr sahnasini qanchalik yaxshi ko‘rmayin, bu sahna menga biroz torlik qilgandir, ehtimol.

Mana, Abduhoshim aka bilan birga yaratgan «Hay-hay», «Gar sog‘insam…» kabi qo‘shiqlarim hozirgi tilda aytganda «xit» bo‘ldi. Muxlislarimiz bilan ko‘rishib qolsak, «Zulayho opa qachon konsert berasiz?», deyishardi.

Bilasizmi, elga tanilganingiz sari maqsadlaringiz ham yildan-yilga kattalashib boraverar ekan. Asosiysi, kasbingizni yaxshi ko‘rsangiz bo‘ldi, uning qiyinchiliklari-yu mashaqqatlari ham chikora ko‘rinib qoladi. Hatto shunaqa paytlar bo‘lganki, kasal bo‘lib yotgan paytimda ma’murimiz telefon qilgan: «Zulayho opa, viloyatlarga konsertga taklif qilishyapti, ertaga ertalab samolyotga bilet olib, uchib ketar ekanmiz», degan. Ertasiga o‘sha ahvolimda ketdim, ishonasizmi, tuzalib keldim. Uyga qaytib kelsam, turmush o‘rtog‘im Shuhrat aka aytadilar: «sen o‘zi rostdan ham kasalmiding?»..

Ha, xalqning ichiga kirsangiz, shunaqa kuch olasizki, kasallik ham, g‘uborlar ham esdan chiqib ketadi. 2008 yilga borib, «Xalqlar do‘stligi» saroyida birinchi «Ey ko‘ngil» deb nomlangan konsertimizni berdik. Har kuni davralarga xizmatga kiramiz. Kimlardir qo‘shiqlarimizni eshitib, kimlarnidir eslab, xotirlab yig‘lasa, kimlardir biz bilan birga aytib, xirgoyi qilib o‘ynaydi. Odamlar xurs and bo‘ladi. Mayli, qo‘lini ko‘tarib duo qilishmasa ham qalbi xursand bo‘lishining o‘zi bir Ka’bani tavof qilgan bilan barobar men uchun.

Men kasbimdan ana shunday halovat topaman, xursand bo‘laman. O‘ylaymanki, bularning hammasi uchun yo‘lni menga teatr sahnasi ochib bergan.

– Doim el ichidasiz. Sizningcha zamon o‘zgardimi yoki odamlar o‘zgarib ketmoqdami?

– Bir misol. Men ota-onam bilan gaplashish uchun trolleybusga o‘tirib, O‘rdadagi telegrafga kelar edim. Turnaqator navbatlarda turib, 3 soatlarda ulab berishardi. Mana, hozir qo‘limda uyali telefon. Xohlagan odamim bilan gaplashishim mumkin. Xohlasam, singlimga telefon qilib gaplashaman, xohlasam Amerikadagi tanishimga videoqo‘ng‘iroq qilaman. Butun dunyo yangiliklari qo‘limda. Oddiy telefon qurilmasidagi o‘zgarishni aytyapman xolos. Qolganini tasavvur qilavering endi.

Odamlarimiz ham o‘zgardi. Bor davlatini o‘zining sog‘lig‘iga ishlatyapti, bolalarini chet davlatlarda o‘qityapti, bilmaganimizni farzandlarimizdan o‘rganyapmiz kerak bo‘lsa. Ehsonli odamlar ko‘paydi, muhtojlarga yordam beradigan, to‘ylarini qilib beradiganlar ko‘p. Kerak bo‘lsa uylar olib berishadi, shu savobim yuvilib ketmasin, deb hech kimga aytishmaydi.

To‘g‘ri, ba’zilarning orzu-havasi chegara bilmay qolyapti. Dabdabayu hashamatni oshirib yubormoqda. Boyligini ko‘z-ko‘z qilib maqtanmoqchi bo‘lganlar ham yo‘q emas. Qandaydir yangi urf-odatlar o‘ylab topishadi. Bu hammasi ayollarga bog‘liq. Agar ayollarimizning tafakkuri va dunyoqarashi kengayib boraversa, mana shunday muammolarga o‘rin qolmaydi.

– Qiziqarli va mazmunli suhbat uchun katta rahmat. Musohabamiz haqida fikrlaringiz…

– Menga bergan savollaringiz juda ham ma’qul bo‘ldi. O‘zimdan kelib chiqib, bilganimcha javob berdim. «Oila davrasida» gazetasidan shunday bayram arafasida yo‘qlaganingiz uchun minnatdorman. Kirib kelayotgan Yangi yil muborak bo‘lsin. Barcha oilalarga tinchlik-xotirjamlik tilayman. Mana shunday tinch-osoyishta mamlakatga har qancha kuy-qo‘shiq yarashadi. Yaxshi kuningizda har doim xizmatingizda bo‘laylik. Yoshlarimiz kundan-kunga yashnab borayotgan Yangi O‘zbekistonga mos farzandlar bo‘lishsin. Har bir xonadonga fayzu baraka tilayman.

Azizbek ABDUMALIKOV suhbatlashdi.

Manba: od-press.uz

Kiritildi: 06:00 10.01.2021. O'qildi: 7002 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!