Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning Valday qarorgohiga zarba berilgani haqidagi iddaolar yolg‘on ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Bu haqda Ukraina prezidenti onlayn rejimda jurnalistlar savollariga javob berish chog‘ida aytib o‘tdi.
Uning fikricha, bu xabarlar Rossiyaning muzokaralarni buzishga urinishi bilan bog‘liq:
"Bu ko‘proq jamoalarimiz o‘rtasidagi muvaffaqiyatli muzokaralar va o‘tgan oydagi uchrashuv, ijobiy uchrashuv bilan bog‘liq. Moskva xavotirda. Ishimiz yakunida men AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdim", — dedi Zelenskiy.
Shuningdek, u amerikalik hamkasbi bilan olib borilgan munozaralardan so‘ng Yevropa yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazishini ma’lum qildi.
"Keyin biz hammamiz urushni tugatish uchun oldinga qadam tashlash uchun yig‘ilamiz. Biz yanvar oyida ma’lum qadamlar tashlanishini xohlaymiz", dedi Zelenskiy.
Avvalgi kuni Ukraina prezidenti Novgorod viloyatidagi Rossiya prezidenti qarorgohiga Ukraina tomonidan hujum uyushtirilgani haqidagi iddaolar yolg‘on ekanini allaqachon aytgan edi.