Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy xalqaro hamkorlar xavfsizlik kafolatini taqdim etsa, mamlakatda 60–90 kun ichida prezident saylovlarini o‘tkazishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u Italiyada jurnalistlarga bergan bayonotida aytib o‘tdi.
Zelenskiyga ko‘ra, Ukraina rahbariyati saylovlardan qochayotgani yoki urush shuning uchun cho‘zayotgani haqidagi gaplar hech qanday asosga ega emas.
Uning ta’kidlashicha, saylov o‘tkazish uchun ikki asosiy sharoit – xavfsizlik va qonuniy asoslar (Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, harbiy holat paytida saylovlar o‘tkazilmaydi) yetarli bo‘lishi kerak.
«Men saylovlarga tayyorman. AQShdan, va agar mumkin bo‘lsa – yevropalik sheriklarimiz bilan birga, saylovlar xavfsizligini ta’minlashni so‘rayman. Agar ular shunday sharoitni yaratsa, 60–90 kun ichida Ukraina saylov o‘tkazishga tayyor bo‘ladi», – dedi Zelenskiy.
Shuningdek, u ukrain parlamentidan harbiy holat davridagi saylov qonunchiligi bo‘yicha takliflar tayyorlashni talab qildi.
Ma’lumot uchun, Ukraina qonunlariga ko‘ra, harbiy holat vaqtida prezident va parlament saylovlari o‘tkazilmaydi. Mamlakatda harbiy holat esa 2022 yil fevral oyida Rossiyaning to‘liq hujumi boshlangach joriy etilgan va bir necha bor uzaytirilgan. Mamlakatning bir qismi hali ham Rossiya tomonidan okkupasiya qilingan, bu esa saylovlarni amaliy tomondan ham mushkul qiladi.
Eslatib o‘ztamiz, 9 dekabr kuni Donald Tramp Politico’ga intervyusida Ukrainada saylov o‘tkazishning vaqti kelgani haqida gapirgandi.