Ukraina energetika sohasida favqulodda holat rejimi joriy etiladi.
Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Telegram-kanalida hukumat a’zolari, "Xalq xizmatkori" fraksiyasi va DTEK energetika kompaniyasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Kiyevda vaziyatni muvofiqlashtirish uchun sutka davomida ishlaydigan shtab ham tashkil etiladi.
"Kiyevdagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Rossiya zarbalari oqibatlari va ob-havo sharoitining yomonlashuvi tufayli holat og‘ir. Kiyev shahridagi vaziyatni muvofiqlashtirish uchun doimiy faoliyat yuritadigan shtab tuziladi. Umuman olganda, Ukraina energetika sohasida favqulodda holat rejimi joriy etiladi. Bunday sharoitda aholi va jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, amaliy masalalarni hal etish ishlariga rahbar etib Ukraina birinchi vise-premyer vaziri — energetika vaziri tayinlandi", — deb yozdi Zelenskiy.
Shuningdek, u Ukraina elektr energiyasi importi hajmini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, prezident hukumatga kuchli sovuqlar davrida komendantlik soati qoidalarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, aholi uchun qo‘llab-quvvatlash punktlari sonini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi.