Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yakshanba kuni Rossiya bilan keng ko‘lamli asirlar almashinuvi davom etishini ma’lum qildi. Ikki kun ichida 697 nafar ukrainalik harbiy xizmatchi, jumladan, Ukraina Qurolli kuchlari, Milliy gvardiya va Davlat chegara xizmatining oddiy askarlari hamda serjantlari vataniga qaytdi.
"Ertaga almashinuvning uchinchi bosqichi boshlanadi – taxminan ming nafar yurtdoshimiz ozod etilishi kutilmoqda," dedi Zelenskiy. Ozod qilinganlarning aksariyati Donetsk viloyatida, ko‘pchiligi 2022 yildayoq, shuningdek, Xerson, Zaporoje, Xarkov viloyatlari va Luganshchina hududlaridan asirga olingan edi.
Prezident Rossiyada ushlab turilgan barcha ukrainaliklarni ozod qilish razvedka xizmati, diplomatlar va butun davlat uchun ustuvor vazifa ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, u Rossiya qo‘shinlari har kuni Kiyev va boshqa shaharlarga o‘q yog‘dirayotganini qayd etib, AQSH, Yevropa va boshqa hamkorlarni Moskvaga nisbatan bosimni kuchaytirishga chaqirdi.
"Ukraina natijaga olib keladigan va haqiqiy xavfsizlikni ta’minlaydigan har qanday diplomatiyaga tayyor. Rossiya esa urushni cho‘zishni davom ettirmoqda. Kelgusi hafta tinchlik yo‘lida faol harakatlar qilish vaqti bo‘lishi lozim," - deya ta’kidladi Zelenskiy.