Ukraina yetakchisi AQSh prezidentini "Yaqin Sharqda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan operasiya" bilan tabriklab, Qo‘shma Shtatlarning harakatlari Erondagi dronlar ishlab chiqarish salohiyatini ham susaytirganini ta’kidladi.
"Prezident Tramp bilan xalqimizni himoya qilishni muhokama qildik, avvalo, shaharlarimiz, odamlarimiz, cherkovlarimiz va infratuzilmamizni himoya qilish uchun Qo‘shma Shtatlarning havo mudofaasi tizimlarini sotib olish masalasi haqida gaplashdik. Ukraina bu uskunalarni sotib olishga va Amerika qurol ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Yevropa ham bu jarayonda yordam berishi mumkin. Shuningdek, dronlarni birgalikda ishlab chiqarish imkoniyatlari haqida ham gaplashdik. Biz bir-birimizni kuchaytira olamiz", — dedi Zelenskiy.
Ukraina rahbari, shuningdek, Trampga Istanbulda Rossiya delegasiyasi bilan o‘tgan muzokaralar, asirlar va halok bo‘lganlarni almashish jarayonlari haqida ham ma’lumot berganini aytdi. Unga ko‘ra, Rossiya hatto o‘zining halok bo‘lgan harbiylari jasadlarini Ukrainaga topshirgan holatlari aniqlangan.
"Frontdagi vaziyat haqida ham gaplashdik. Putin jang maydonida g‘alaba qozonayotgani yo‘q. Prezident Trampga frontda aslida nimalar bo‘layotgani bo‘yicha aniq faktlarni taqdim qildim", — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.