Shu yilning 15-17 noyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Xalqaro zamonaviy beshkurash ittifoqining (UIPM) 73-kongressi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federasiyasi raisi Bahromjon Gaziyev boshchiligidagi mamlakat delegasiyasi ham ishtirok etdi.
Kongressning 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida tashkiliy masala ko‘rildi. Xalqaro tashkilotga AQSh Zamonaviy beshkurash federasiyasi prezidenti Robert Stull yangi prezident etib saylandi. Ushbu muhim voqelik zamonaviy beshkurashning xalqaro maydondagi rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berishi ishonch bildirildi. Yig‘ilishda, shuningdek, yangi prezident boshchiligida Ijroiya kengashi tarkibi belgilab olindi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Robert Stull o‘z Vatani – Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlariga qadar mazkur tashkilotga rahbarlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda zamonaviy beshkurash so‘nggi 6 yil ichida keskin rivojlandi. Shu qisqa vaqt ichida federasiya rahbariyatining sa’y-harakati bilan mamlakatimiz sportchilari tarixda ilk bor 2 ta olimpiya yo‘llanmasiga egalik qilishdi.
UIPMning navbatdagi 74-kongressi 2026 yili Vengriyaning Budepesht shahrida bo‘lib o‘tadi.