Bugun 17 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Zakot olishi mumkin bo‘lmagan toifalarni bilasizmi?

Zakot olishi mumkin bo‘lmagan toifalarni bilasizmi?

Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir uvqiyya qiymatida moli bo‘la turib, so‘rasa, xiralik qilgan bo‘ladi» (boshqa bir rivoyatda «Batahqiq, xiralik ila so‘rabdi»), dedilar».

Men: «Yoquta (nomli) tuyam uvqiyyadan yaxshiroq», dedim».

Abu Dovud, Nasaiy va Ahmad rivoyat qilganlar.

Sharh: Bir uvqiyya qirq dirhamga teng.

Bundan o‘ziga yetarli puli va moli bor odam zakot olishi durust emasligi ko‘rinadi.

Hanafiy mazhabidan boshqa mazhab ulamolari ushbu hadisni va shu ma’nodagi boshqa hadislarni hujjat qilib, «Nisobdan oz bo‘lsa ham, o‘ziga yarasha molga ega bo‘lgan odam zakot olishi mumkin emas», deganlar.

Sahl ibn Hanzoliyya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«O‘zining hojatiga yetarli narsasi bo‘la turib, so‘ragan odam, albatta, do‘zaxdan ko‘proq so‘ragan bo‘ladi» (boshqa rivoyatda «Jahannamning cho‘g‘idan»), dedilar».

«Ey Allohning Rasuli, hojatiga yetarli narsa nima?» deyishdi.

«Tushlik va kechki taomiga yetarli miqdor», dedilar».

Boshqa bir rivoyatda esa:

«Bir kecha-kunduz to‘yishiga yetarli narsasi borligi», deyilgan.

Abu Dovud va Ibn Hibbon rivoyat qilganlar. Ibn Hibbon sahih, degan.

Sharh: Bu hadis tilanchilik qilish ma’nosida aytilgan hadisdir. Shunday bo‘lsa ham uni bu yerda keltirishdan maqsad, o‘zidan muhtojroq kishilar borligini bila turib, o‘zini zakotga urish yaxshi emasligini anglatishdir.

Ato ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Sadaqa boyga halol bo‘lmaydi. Magar besh kishiga: Alloh yo‘lidagi g‘oziyga, uning uchun (tayinlangan) omilga, qarzdorga, o‘z moli ila u(sadaqa)ni sotib olgan odamga yoki bir odamning miskin qo‘shnisi bo‘lsa-yu, miskinga berilgan sadaqasini boyga hadya qilsa, bo‘ladi», dedilar».

Abu Dovud, Ahmad va Hokim sahih hadis sifatida rivoyat qilganlar.

Sharh: Boyga zakot faqat besh holatda halol bo‘ladi:

1. Alloh yo‘lidagi ishga chiqsa.

Albatta, Alloh yo‘lidagi ishga o‘z molidan sarflasa, juda yaxshi bo‘ladi. Ammo zakot molidan sarflasa ham harom bo‘lmaydi.

2. Sadaqaga omil bo‘lsa, ya’ni zakotchi bo‘lib ishlasa, ish haqqini boy bo‘la turib, zakotdan olishi joiz. Chunki Alloh taolo O‘zi bunga ruxsat bergan.

3. Qarzdorga.

O‘zi boy bo‘la turib, ammo ko‘pchilik foydasi uchun biror kattaroq xarajatni bo‘yniga olib, qarzga botgan odam ham zakotdan olib, qarziga bersa, joiz.

4. Bir kambag‘alga zakotdan misol uchun, bir dona qo‘y tegdi. Uni boy odam kambag‘aldan o‘z puliga sotib oldi. Bu albatta, joiz. Lekin odamlarda zakotni sotib olish durust emas ekan, degan tushuncha chiqmasligi uchun bu narsa hadisda bayon qilingan.

5. Kambag‘al o‘ziga zakotdan tekkan narsadan boyga hadya qilsa, boy olishi joiz. Bu ham oldingiga o‘xshab, zakot bo‘lgan narsa boyga hadya shaklida kelsa ham harom, degan fikr chiqmasligi uchun aytilgan. Zakot kambag‘alning mulkiga aylanganidan keyin uni o‘zi qanday xohlasa, shunday tasarruf qiladi.

Ulamolarimiz bu masalaga oid hamma hujjat va dalillarni atroflicha o‘rganib chiqib, quyidagi xulosaga kelganlar. Unga binoan, zakot olishi harom bo‘lganlar quyidagilar:

Boylar.

Kuchli va biror kasbga qodir bo‘lgan kishilar.

Dinsizlar, din dushmanlari va ahli zimma.

Zakot beruvchining bolalari, ota-onalari va ahli ayoli.

Payg‘ambar alayhissalomning qarindoshlari.

Endi ushbu toifalarni birma-bir, batafsil o‘rganib chiqishimiz lozim.

Boylar.

Aslida boylar zakot berishlari kerak. Binobarin, ularning zakot olishlari mutlaqo mumkin bo‘lmaydi.

Shunday bo‘lsa ham, o‘tgan hadisi sharifda zakot ishida qatnashgan hamda ko‘pchilik manfaati uchun qarzdor bo‘lib qolgan boylarga zakotdan olishlari mumkinligi aytib o‘tildi.

Ba’zi bir kishilar o‘zlaridan boshqalarning boyligi tufayli ham boy hisoblanadilar va ularning zakot olishlari durust bo‘lmaydi. Misol uchun, balog‘atga yetmagan yosh bola otasining boyligi tufayli boy hisoblanadi. Shuningdek, faqir ayol erining boyligi ila boy hisoblanadi. Chunki uning nafaqasi eriga vojib bo‘ladi.

Bu masalada: «Nafaqasi boyga vojib bo‘lgan kishilarga, uning bolalari, xotini, ota-onasi va shunga o‘xshash yaqinlariga zakot olish haromdir», deyilgan.

Kuchli va biror kasbga qodir bo‘lgan kishilar.

Jumhur ulamolar «Bu toifadagi kishilarga zakot olish joiz emas», desalar ham, Hanafiy ulamolari «Moli nisobga yetmagan bo‘lsa, olsa bo‘laveradi», deydilar.

Dinsizlar, din dushmanlari, ahli zimmalar.

Dinsizlarga va diyn dushmanlariga hech narsa berib bo‘lmasligi ma’lum. «Ahli zimma» deb ataluvchi boshqa diyn vakillariga ham zakot berib bo‘lmaydi. Chunki zakot musulmonlardan olinib, musulmonlarga berilishi shart.

Ammo ahli zimmaga nafl sadaqalardan, sadaqai fitrdan bersa bo‘ladi. Chunki avval aytilganidek, zakot moliyaviy ibodat bo‘lib, uni berish uchun ham, olish uchun ham musulmon bo‘lish kerak.

Fosiqlarga zakot berib bo‘ladimi?

«Fosiq» deb ba’zi gunoh ishlarni qilib, nomi chiqqan odamga aytiladi. Qadimgi ulamolar «Aslida musulmon-ku, lekin gunoh ishlar ham qilgan odamlarga zakot bersa bo‘ladi», deganlar. Shu bilan birga, ular zakotni olgandan keyin uni fisq va gunoh ishlarga sarflamasligi kerak, degan shart qo‘yganlar. Bu bilan zakot berish asnosida u fisqni tark etib, taqvo yo‘lini tutishiga da’vat qilinadi. Lekin fis­qi bilan musulmon jamiyatiga, diynga va diyn ahliga yomonlik qilgan odamga zakot berilmaydi.

«Benamozligi bilan fosiq bo‘lgan odamga zakot beriladimi?» degan savolga ba’zi ulamolarimiz «U namoz o‘qishga chaqiriladi, agar namoz o‘qishga va’da bersa, beriladi, bo‘lmasa yo‘q», deganlar.

Zakotni erga, ota-onaga va qarindoshga bersa bo‘ladimi?

Zakotni bolalarga, xotinga berish mumkin emasligi haqida aytgan edik. Shuningdek, ota-onaga ham berish mumkin emas. Chunki bolaning mol-mulki ota-onaniki hisoblanadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir farzand­ga «Sen ham, moling ham otangga mulksizlar», deganlar.

«Boy-badavlat xotin o‘zining kambag‘al eriga zakotini bersa bo‘ladimi?» degan savolga ba’zi maz­hablar «Bo‘ladi», deb  javob berganlar.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning xotinlari Zaynab roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Zakotimni erimga bersam bo‘ladimi?» deb so‘raganida, ul zotning: «Bo‘ladi», deb javob qilganlarini hujjat ma’nosida keltiradilar.

Hanafiy mazhabi ulamolari esa Zaynab roziyallohu anhoning hodisasini xususiy deb biladilar va «Xotin zakotini eriga berishi durust emas, chunki er uni olib, yana xotinning o‘ziga ishlatadi», deydilar.

«Boshqa qarindoshlarga zakotini bersa bo‘ladimi?» degan savolga ba’zi ulamolar «Ularning nafaqasi lozim bo‘lsa, bo‘lmaydi. Chunki bunda nafaqa o‘rniga zakot berish bilan o‘zi foyda topadi», deyishgan.

Ammo Hanafiy mazhabi ulamolari «Bo‘ladi. Chunki nafaqa o‘ziga yarasha shartlar bilan vojib bo‘ladi. Yaqin qarindoshlarning mulki ota-bolanikiga o‘xshab birlashib ketmaydi. Yaqin qarindoshga berilganda mulk zakot beruvchidan zakot oluvchiga ko‘chadi. Bu holat esa zakot berish mumkin ekanligi garovidir», deyishadi.

«Hadis va hayot» kitobidan

Kiritildi: 09:55 23.05.2020. O'qildi: 5962 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!