Bugun 23 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

Yuz yildan buyon bitmayotgan yara. Qorabog‘ mojarosining tarixi va buguni haqida

A A A
Yuz yildan buyon bitmayotgan yara. Qorabog‘ mojarosining tarixi va buguni haqida

Mana bir necha kundirki, Tog‘li Qorabog‘ mintaqasida istiqomat qiluvchi etnik armanlar qurolli guruhlari va Ozarbayjon qurolli kuchlari o‘rtasida janglar davom etmoqda. Mojaroda ikki tomon ham bir-birini ayblamoqda. Qorabog‘ni Armaniston qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu mojaro Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi 30 yillik kelishmovchilikka sabab bo‘lib kelmoqda.

Xo‘sh, Qorabog‘ nega ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatli hududga aylanib qolgan? Muammoning ildizi qayerda? Shu paytgacha nimalar yuz berdi? Ushbu materialda bu kabi savollarga javob beramiz.

Qorabog‘ muammosining ildizi

XIX asrdan buyon Rossiya imperiyasi tarkibida bo‘lib kelgan Kavkaz hududi 1917 yilgi inqilobdan keyin mustaqil bo‘lib ajralib chiqdi. Shu yili Armaniston, Ozarbayjon va Gruziya Kavkazorti federal demokratik respublikasi tuzilganini e’lon qildi. Ammo uch oydan so‘ng bu davlat parchalanib ketdi. Bunga Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida boshlangan urush sabab bo‘ldi.

Urush, asosan, uch nuqtada bo‘lib o‘tdi. Bular Naxchivon, Zangizur (Syunik) va Tog‘li Qorabog‘ edi. Ushbu uch hudud ikki davlat o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar markazi bo‘ldi. Asosan armanlar istiqomat qiladigan Qorabog‘ mustaqillik e’lon qilishga harakat qildi. Ammo Usmonli saltanati nemis askarlari yordamida mintaqani egallashi bunga imkon bermadi.

1919 yilda Usmonli saltanati urushda mag‘lub bo‘lgach, mintaqa Britaniya nazoratiga o‘tdi. Ozarbayjon milliy harakati faoli Xusravbek Sultonov britaniyaliklar tomonidan Qorabog‘ va Zangizur muvaqqat hukumati raisi etib tayinlandi. Parij tinchlik shartnomasiga ko‘ra inglizlar hududni tark etdi va 11-rus armiyasi Kavkazni egalladi.

1920 yilda uch Kavkaz davlati bu safar Kavkazorti Sovet Sosialistik Federativ Respublikasini tuzdi. Bolsheviklar yetti a’zodan iborat Kavkaz byurosini tashkil qildi. Ushbu byuroning vazifasi federasiya hududini sovet andozalariga mos respublika va avtonom birliklarga bo‘lgan holda etnik kelib chiqishga asoslangan chegaralanishni amalga oshirish edi.

Ushbu qo‘mitaning to‘rt nafar a’zosi Qorabog‘ni Armaniston SSR tarkibiga qo‘shib berishni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, uch nafari bunga qarshi bo‘ldi. Ammo Ozarbayjon kommunistlari, jumladan, partiya lideri Narimon Narimonovning qarshiligi, shuningdek, Yerevanda ko‘tarilgan aksilsovet qo‘zg‘oloni qo‘mita a’zolarini qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga undadi. Natijada 1921 yilda Qorabog‘ Ozarbayjon SSR tarkibiga qo‘shib yuborildi. 1923 yildan esa Ozarbayjon SSR tarkibidagi Qorabog‘ muxtor viloyatiga aylandi. O‘sha paytda hudud aholisining 94 foizi armanilardan iborat edi. Viloyat markazi qilib o‘sha paytdagi Xonkendi, hozirgi Stepanakert shahri tanlandi.

Bir qator arman va ozarbayjon akademiklari bunday harakatni Rossiya atayin uyushtirganini iddao etadi. Ularning fikricha, ruslar bu yerda «bo‘lib tashla, hukmronlik qil» tamoyili asosida ish tutgan. Bunday holatni Ozarbayjonning eksklavi bo‘lmish Naxchivonda ham kuzatish mumkin. Ayrimlar sovet Rossiyasining bunday harakatini o‘sha paytdagi Otaturk Turkiyasi bilan yaxshi aloqalarni saqlab qolish maqsadida amalga oshirgan degan qarashni ham ilgari suradi.

Sovet Ittifoqi davrida Ozarbayjon hukumati hududda ozarbayjonlarni ko‘paytirish siyosatini olib bordi. Viloyat armanlarining Armaniston bilan aloqalarini uzib qo‘yib, ularni viloyat tashqarisiga chiqarishga urindi va hududga ozarbayjonlarni ko‘chirib keltirdi. Natijada 1979 yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, hududda 1923 yilda aholining 94 foizni tashkil qilgan armanlar 76 foizga kamaydi, ozarbayjonlar 23 foizga o‘sdi. O‘sha paytdagi 162 ming aholidan 123 mingini armanilar, 37 mingdan oshig‘ini ozarbayjonlar tashkil qilgan.

Muammoning qayta ko‘tarilishi

Gorbachyov boshlagan qayta qurish siyosati natijasida respublikalarda mustaqillik g‘oyalari paydo bo‘la boshladi. Shunday sharoitda, 1988 yil 20 fevral kuni Qorabog‘ muxtor viloyati rahbarlari viloyatni Armanistonga qo‘shilishini yoqlab ovoz berdi. Ularning noroziligining sababi hudud maktablarida arman tilidagi kitoblarning, telekanallarning yo‘qligi edi. Shuningdek, ular o‘sha paytdagi Ozarbayjon rahbariyatini hududni ozarbayjonlashtirish siyosatini olib borishda aybladi.

Birlashish harakatiga mashhur arman shaxslari va rus intelligensiyasi vakillari, jumladan, dissident va Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Andrey Saxarov kabilar rahbarlik qildi. Yerevanda aholi ish tashlashlar uyushtirdi. Bokuda ham namoyishlar bo‘ldi. Gorbachyov esa SSSR konstitusiyasining 78-moddasi bo‘yicha respublikalar chegaralari o‘zgartirilmasligini e’lon qildi. Uning fikricha, bunday harakat imperiyanng boshqa hududlarida ham aks sado berishi mumkin edi.

Armanlar 1921 yildagi Kavbyuroning Qorabog‘ni Armaniston SSRga berish haqidagi qarorini ro‘kach qilib, «tarixiy xatoni» to‘g‘rilash niyatida ekanini e’lon qildi. O‘z hududlarining qo‘ldan ketishini istamagan ozarbayjonlar Gorbachyovning qarorini qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa vaziyat taranglashib bordi va ikki tomon o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni muqarrar qilib qo‘ydi.

Qorabog‘dagi asosiy voqealar

30 yil muqaddam Kavkazda bir necha bor qatliomlar yuz berdi. Ularning birinchisi 1988 yilning fevral oyida Sumg‘aitda, 1990 yil yanvar oyida Bokuda yuz berdi. Bu voqeadan bir kun o‘tib «Qora yanvar» voqealari yuz berdi.

1991 yil 30 avgustda Ozarbayjon mustaqilligini e’lon qildi. 1991 yil 31 dekabrda SSSR tarqalgani e’lon qilindi. Bu esa Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi muqarrar urush yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashladi. Bir oy oldin, 21 noyabr kuni Ozarbayjon parlamenti Qorabog‘ning muxtor maqomini bekor qildi va poytaxt nomini Xonkendiga o‘zgartirdi. Bunga javoban 10 dekabr kuni Qorabog‘da referendum o‘tkazildi, 1992 yil 6 yanvar kuni esa mintaqa mustaqilligini e’lon qildi. Ammo bu respublikani shu paytgacha hali hech kim tan olmadi. Hatto Armaniston xalqaro hamjamiyat bosimidan qo‘rqib bunga jazm qilmadi.

Dastlab etnik mojaro shaklida boshlangan to‘qnashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi urushga aylanib ketdi. 1992-1994 yillar orasida armanilar va ozarbayjonlar o‘rtasidagi keng qamrovli janglarda 30 mingga yaqin inson halok bo‘ldi. Ushbu janglarning eng og‘riqli nuqtalaridan biri Xo‘jali qirg‘ini bo‘ldi. Human Rights Watch bergan ma’lumotga ko‘ra, armani qurolli guruhlari shaharni egallab olgach, qurolsiz tinch aholi vakillari hamda jangdan tashqarida bo‘lgan harbiylardan anchasini qirib yuborgan. Ozarbayjon rasmiylari tinch aholidan 613 kishi, jumladan, 106 ta ayol va 83 nafar bola halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Hududdan juda ko‘plab aholi qochib ketishga majbur bo‘lgan.

Bunga javoban shu yilning aprel oyida Qorabog‘ning Marog‘a qishlog‘ida Ozarbayjon harbiylari qirg‘in uyushtirgan. 43 nafar armani vakili Ozarbayjon harbiylari tomonidan o‘ldirilgan va 53 nafari asir olingan.

Qochqinlar

Ushbu davrdagi qurolli harakatlar natijasida urush bo‘layotgan hududlardan bir millionga yaqin aholi qochib ketishga majbur bo‘lgan. 400 mingga yaqin armani Ozarbayjondan Rossiya va Armaniston hududiga qochib o‘tgan bo‘lsa, yana 30 ming armani Qorabog‘ni tark etgan. Ularning aksariyati urush nihoyasiga yetgach, Qoraboqqa qaytib borishga muvaffaq bo‘lgan.

Ozarbayjonlardan 800 mingga yaqini urush bo‘layotgan hududlardan qochib ketgan bo‘lsa, Qorabog‘dagi boshqa etnik guruhlar Eron hamda Ozarbayjon tashkil qilgan qochqinlar lagerlariga joylashtirilgan.

1992 yilda YXHT tashabbusi bilan Qorabog‘ muammosini hal qilish maqsadida Minsk uchrashuvlar guruhi tashkil etildi. Unda Fransiya, AQSh va Rossiya yetakchilik qilib kelmoqda. Ushbu guruh tashabbusi bilan 1994 yil may oyida tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish haqida qaror qabul qilindi. Shundan buyon yirik to‘qnashuvlar yuz bermadi. 2000 yillarda bir necha bor kichik to‘qnashuvlar yuz berdi. Ular orasida 2016 yil 2—5 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan to‘rt kunlik urush yirigi bo‘lgan edi.

Qurollanish poygasi

SSSR tarqalib ketgach, Armaniston va Ozarbayjon mintaqadagi qurollarni bo‘lib olishga kirishdi. Bunda katta ustunlik Ozarbayjon tarafida edi. Sababi, Sovuq urush davrida SSSRning Kavkazni himoya qilish doktrinasiga ko‘ra mabodo NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya SSSR hududiga kiradigan bo‘lsa, Armaniston hududi janglar uchun maydon vazifasini o‘tashi kerak edi. Chunki Armaniston Turkiya bilan chegarada joylashgan.

Armaniston hududida faqatgina uchta diviziya va bitta aerodrom bo‘lsa, Ozarbayjon hududida beshta diviziya va beshta aerodrom bor edi. Shuningdek, Armanistonda 500 ta o‘q-dori avtomobili bo‘lgan bo‘lsa, Ozarbayjonda ularning soni 10 mingta edi.

Uch yil oldin Gorbachyov Qoraboqqa yuborgan SSSR kuchlari chiqib ketishi ortidan juda katta qurol-yarog‘ arsenali va harbiy avtomobillar armanilar va ozarbayjonlarga qolib ketdi. U yerga yuborilgan harbiylar asosan boshqa respublikalardan kelganlardan iborat edi va ular u yerda uzoq qolib ketishni istamas edi. Asosan harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlardan iborat bo‘lgan askarlar qurollarini mahalliy aholiga sota boshladi. Ayrimlar hatto aroqqa qurolini almashtirib yubordi. Ba’zilar tanklar va harbiy avtomobillargacha sotib yubordi.

Ozarbayjonlar katta hajmda harbiy texnika sotib olganini o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri ham tasdiqlagan. O‘sha davrda 286 ta tank, 842 ta harbiy mashina va 386 ta artilleriya birliklari sotib olingan. Shuningdek, qora bozorda G‘arbdan kelgan qurollar ham sotilgan.

Bundan tashqari, Ozarbayjon chetdan ham qurolli yordam olgani haqida ba’zi ma’lumotlar saqlanib qolgan. Turkiya, Eron va ba’zi arab davlatlari Ozarbayjonga harbiy yordam ko‘rsatgani aytiladi. Qurollarning asosiy qismi SSSR hamda Sharqiy blok davlatlarida ishlab chiqarilgan qurollar edi.

Arman diasporasi esa Armanistonga juda katta hajmda mablag‘ ajratdi hamda 1992 yilda AQSh Kongressi AQSh Ozarbayjonga har qanday turdagi yordam berishini taqiqlashiga erishdi. Ozarbayjon tarafi esa Rossiyani Armanistonga yordam berishda aybladi.

Inson kapitali haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘sha paytda 17—32 yosh orasidagi harbiy xizmatga qodir bo‘lgan aholi soni bo‘yicha Ozarbayjon ustunlik qilardi. Ozarbayjon 1,3 million kishini harbiy xizmatga jalb qila olar edi. Armanistonda esa bu raqam 550 ming kishini tashkil qilardi. Ikki tomondan ham aksariyat harbiylar Qizil armiya safida xizmat qilgan va urushdan oldin birmuncha harbiy tajribaga ega edi. Qorabog‘ning 60 foizdan ortiq erkagi Qizil armiyada harbiy xizmatni o‘tagan edi.

Ozarbayjonlar odatda harbiy xizmat davrida ko‘plab kamsitishlarga uchrar edi. Ular aksariyat hollarda qurilish batalyonlarida xizmatni o‘tagan bo‘lsa, armanilar jangovar bo‘linmalar safida xizmat qilgan edi. Ozarbayjonda ikkita akademiya va bitta harbiy dengiz maktabi tashkil qilinganiga qaramay, harbiy harakatlardagi tajribaning kamligi mamlakatni urushga tayyorgarlik ko‘rishida qiyinchilik tug‘dirgan asosiy omillardan biri bo‘ldi.

Shunday qilib, Qorabog‘ mojarosi sababli ikki davlat ham o‘z harbiy qurollarini kuchaytirishga erisha olgan edi. Mintaqadagi tinchlikka erishishda «hakam» vazifasini o‘tab kelayotgan Rossiya esa deyarli o‘ttiz yildan buyon ikki davlatni ham qurollantirib kelmoqda. 27 sentyabr kuni boshlangan harbiy mojaro ortidan esa Turkiya Ozarbayjonni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi hamda bu borada prezident Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan esa Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni muhokama qildi.

Kiritildi: 04:00 02.10.2020. O'qildi: 8813 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!