Bir-biridan yaqqol farq qilmaydigan, juda o‘xshash tovarlar aslida tarkibidan va maqsadidan kelib chiqib turlicha kodga ega bo‘lishi mumkin. Shu boisdan ham bojxona yuk deklarasiyalarida tovar kodini almashtirib qo‘yish jiddiy huquqiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Toshkent tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida chetdan yuk avtotransport vositasida keltirilgan rezina shlanglar avvaliga Xavfni boshqarish tizimiga muvofiq soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilishi lozim edi.
Ammo, tovarlarning tashqi ko‘rinishi postning “Yangiobod” bojxona punkti xodimlarida shubha uyg‘otdi. Yuklarga tegishli deklarasiya qizil yo‘lakka yo‘naltirilib, belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida deklarasiyada kondisioner uchun jihozlar sifatida tasniflangan tovarlar aslida fankoyl - isitish va sovitish tizimlari uchun mo‘ljallangan quvurlar ekani ma’lum bo‘ldi.
Qiymati 1 milliard 100 million so‘mni tashkil qiluvchi mazkur tovarning kodini deklarasiyada noto‘g‘ri ko‘rsatish orqali yuk egalari salkam 117 million so‘mlik bojxona to‘lovlarini “tejamoqchi” bo‘lgan.
Holat yuzasidan prosessual hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.