🔬 Yoz faslida aholi, ayniqsa, bolalar orasida avj oladigan mavsumiy kasalliklardan biri — ichburug‘. Tibbiyotda bu patologiya o‘tkir diareya, deb ataladi.
❓Xo‘sh, xastalikning kelib chiqishi qanday omillar bilan bog‘liq? U qaysi belgilar bilan namoyon bo‘ladi? Qanday xavfli asoratlari bor?
➡️ Toshkent shahar 5-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifonasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Nargiza Abdullaboyeva shu haqda ma’lumot berdi.
💬 — Issiq kunlarda yeguliklar tez ayniydi, — deydi mutaxassis. — Ayniqsa, sut va sut mahsulotlari sifati qisqa muddatda buzilishi mumkin. Bu — birinchi omil.
🧼 Ikkinchidan, gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik o‘tkir diareya kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Ovqatlanishdan avval qo‘llarni sovunlab tozalamaslik, meva-sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilish shular jumlasidan.
🦠 Bu holat esa, bakteriya va viruslarning og‘iz orqali organizmga tushib, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari qo‘zg‘alishiga olib keladi.
📌 Oqibatda diareyaning ilk belgilari namoyon bo‘ladi. Inkubasion davr 2 soatdan 2 kungacha davom etishi mumkin. Holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi, isitma, qorinning dam bo‘lishi va og‘rishi — kasallikning yaqqol belgilaridan.
🩺 O‘tkir diareyada erta tashxisning ahamiyati juda katta. Chunki davo choralari qancha tez boshlansa, samara shu qadar yuqori bo‘ladi.
🫗 Ichburug‘da bemor zarur miqdorda suyuqlik qabul qilmasa, hatto, daqiqalar ichida ahvoli og‘irlashishi ehtimoli mavjud. Negaki, qusish, ich ketishi, yuqori harorat tufayli tananing suvsizlanishi tez sodir bo‘ladi.
🔎 Shu asnoda bemorlarda peshob ajralishi to‘xtab, buyrak yetishmovchiligi jarayoni boshlanishi mumkin. Qolaversa, suv balansi kamayishi tufayli qon bosimi keskin tushib ketadi.
✅ Ayni sababdan, bolalarda o‘tkir diareya kuzatilsa, tezroq shifokor qat’iy nazorati ostida tanada yo‘qotilgan suv o‘rni o‘z vaqtida qoplash choralarini ko‘rish lozim.
‼️ Xastalikning erta bosqichida hech qanday tomchi dorilarsiz vaziyatni o‘nglash mumkin. Agar ham qusish, ham ich ketishi kuzatilsa, tomchi muolajalarini qo‘llashga to‘g‘ri keladi.
💉 Biroq qusish to‘xtamay, kuchli og‘riq kuzatilsa, uni bartaraf etish uchun alohida muolajalar talab etiladi.
➡️ Shunday ekan, ota-onalar yoz mavsumida bolalarining ovqatlanish rasioni, yeguliklar sifati, yaroqliligi hamda gigiyena qoidalariga e’tiborli bo‘lishlari zarur.