1. 20 ming nafar yosh tadbirkor xorijning Garvard, Stenford, London biznes maktabi kabi nufuzli ta’lim muassasalari dasturlari asosida o‘qitiladi.
2. 1 000 nafar tadbirkorga 500 million so‘mgacha imtiyozli ssuda ajratiladi (6 oylik imtiyozli davr bilan).
3. Xorijiy tildan C1 darajadagi sertifikati bor yoshlar uchun tadbirkorlikni tashkil etishdagi davlat xizmatlari to‘lovlari 50 foizga arzonlashadi.
4. Xorijiy tildan kamida B2 sertifikati bor yoshlar uchun chet elga chiqish pasportini olish boji 50 foizga kamaytiriladi.
5. Har yili kamida 10 mingta yosh oila imtiyozli ipoteka asosida uy-joy bilan ta’minlanadi.
6. Oyiga 10 mingdan ortiq kitob sotadigan tadbirkorlarga 1 milliard so‘mgacha imtiyozli ssuda ajratiladi.
7. Chekka hududlarda til markazi ochgan va uni kengaytirmoqchi bo‘lgan yoshlarga 300 million so‘mgacha (730 BHM) foizsiz ssuda beriladi.
8. “Yilning eng faol yosh xodimi” tanlovi g‘oliblari bo‘lgan 100 nafar yosh xodim har yili alohida mukofotlanadi.
9. Yoshlarning volontyorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun 100 million so‘mgacha grantlar ajratiladi.
10. “TOP-100 kitobxon” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar 10 million so‘m (25 BHM) miqdorida rag‘batlantiriladi.
11. Nodavlat ta’lim markazlarining eng yaxshi o‘qituvchilari xorijiy ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuboriladi.
12. “Yoshlar bilan bir kun” aksiyasi orqali har yili 10 ming nafar yosh davlat rahbarlari va mutasaddilari bilan bevosita tajriba almashadi.
13. Olis hududlardagi xususiy ta’lim markazlari uchun ijtimoiy soliq va daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilanadi (2031 yilgacha).
14. Har yili sentyabr oyida “Yoshlik – hayotning baxtli va oltin davri” shiori ostida umummilliy yoshlar festivali o‘tkaziladi.
15. Xususiy ta’lim markazlariga o‘zlari ishlab chiqqan dasturlar asosida ta’lim berishga ruxsat etiladi.
16. Ijtimoiy faol yoshlar uchun davlat tashkilotlarida haq to‘lanadigan stajirovka tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
17. Har bir hududda kamida bittadan turizm, gastronomik va kitobxonlikka ixtisoslashgan “Yoshlar sayilgohi” ko‘chalari tashkil etiladi.
18. Davlat organlarida 3 yillik stajga ega yosh mutaxassislarning lavozimda ko‘tarilish ulushi 30 foizga oshiriladi.
19. Eng yaxshi yosh yozuvchi va shoirlar uchun “Ilg‘or ijodkor” Prezident mukofoti beriladi.
20. Mahalla va tuman darajasida yoshlar infratuzilmasi (kutubxona, sport ob’ekti, kinoteatr) bo‘yicha majburiy minimal standartlar joriy etiladi.
21. Tibbiy, ekologik, ta’lim va sport kabi yo‘nalishlarda kasbiy volontyorlik ixtisosliklari joriy etiladi.
22. Yosh tadbirkorlar uchun tijorat banklari orqali bepul biznes-rejalar tayyorlab beriladi.
23. Yosh oilalar uchun oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan maxsus hududiy forumlar tashkil etiladi.
24. Zamonaviy kasblarni o‘qib sertifikat olgan yoshlarning o‘qish xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.
25. Xalqaro va xorijda tan olinadigan kasbiy imtihon (sertifikat) tizimlarini joriy etish qo‘llab-quvvatlanadi.
26. Xususiy o‘quv markazlari bilan hamkorlikda 100 ming nafar yosh kelajak va zamonaviy kasblarga o‘qitiladi.
27. Mahallalarda yoshlar tashabbusi bilan amalga oshiriladigan ijtimoiy loyihalar soni 2 mingtaga yetkaziladi.
28. Milliy kibersport musobaqalari o‘tkazilib, unga 50 ming nafar yosh qamrab olinadi.
29. Yoshlarning ruhiy salomatligini himoya qilish uchun respublika bo‘ylab 24/7 ishlovchi bepul koll-markazlar tashkil etiladi.
30. Maktablarda eng quyi sinflardan boshlab kasbga yo‘naltiruvchi maxsus “Kasblar olami” dasturlari joriy etiladi.
31. Har ikki yilda 12 avgust – Xalqaro yoshlar kunida “Avlodlar muloqoti” xalqaro yoshlar kongressi o‘tkaziladi.
32. Elektron platformalar orqali har yili 600 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil fevral oyida ham yoshlar uchun 30 dan ortiq muhim tashabbuslarni ilgari surgandi. Oradan 2 oy o‘tib, davlat rahbarining tegishli farmon va qarori bilan yana yangi imkoniyatlar tasdiqlandi.