O‘zbekistonda yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan keng qamrovli tezkor-profilaktik oylik boshlandi. Ushbu tashabbus 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy dastur doirasida amalga oshirilmoqda.
2025 yilda respublikada giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 15 412 ta jinoyat va 1 956 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan. Tezkor tadbirlar natijasida 3 tonnadan ortiq narkotik moddalar muomaladan olib qo‘yilib, 14 ta yashirin narkolaboratoriya fosh etildi. Jinoyat sodir etganlar orasida maktab o‘quvchilari va talabalarning mavjudligi jamiyat uchun jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Oylikka rasmiy start berish munosabati bilan Toshkentda Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, IIV, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari hamda jamoat tashkilotlari hamkorligida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda narkovaziyat tahlili, yoshlar o‘rtasida amalga oshiriladigan profilaktik va targ‘ibot ishlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Yoshlar forumi” tashkil etildi. Unda 1800 nafar yoshlar, ta’lim muassasalari va mahalla faollari ishtirok etdi. Forum doirasida ijtimoiy film premyerasi, interaktiv loyihalar va madaniy dasturlar namoyish etildi.
Mazkur oylik yoshlarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, giyohvandlikka qarshi ma’naviy-ruhiy immunitetni shakllantirish hamda jamiyatda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirishga xizmat qiladi.