Kecha Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida “Yuventus” “Valensiya” maydoniga safar uyushtirdi.
Mazkur o‘yinda turinliklar hujumchisi Krishtianu Ronaldu birinchi bo‘limda hakam tomonidan maydondan chetlatildi. Shu tariqa portugaliyalik futbolchining “Yuventus” safida Chempionlar ligasidagi debyut o‘yini ana shunday xunuk taassurot bilan yodda qoladigan bo‘ldi.
Endi vaziyatga to‘xtalsak. Krishtianu shunchaki provokatsiyaning qurboni bo‘ldi. “Valensiya” futbolchisi qo‘pollik yo‘q joyda yiqildi. Ronaldu esa, “Qo‘pollik yo‘q edi-ku, o‘xshamadi qilig‘ing, tur endi”, degandek raqibining boshini ushlab qo‘ydi. Odatda, futbolda bunday vaziyatlarni ko‘p ko‘ramiz. Hakam qo‘pollik yo‘q deb baholaganidan keyin yiqilgan futbolchi o‘rnidan turib o‘yinni davom ettiradi hatto raqib Ronalduning harakatini takrorlagan taqdirda ham. Biroq “Valensiya” futbolchisi pashshadan fil yasab, darrov janjalni yuzaga keltirdi. Yordamchi hakam esa tabiiy Ronalduning harakatini bosh hakamga yetkazdi va “Ronaldu raqibga qo‘pollik qilib, boshiga mushtlabdi”, kabi tushungan hakam Krishtianuga qizil ko‘rsatdi.
Xulosa qilib aytganda, quyidagi videodan ham ko‘rish mumkin, Ronaldu qizil kartochkaga loyiq ish qilmagandi. Odatda, professional hakamlar bunday rasmiy o‘yinlarda bunday vaziyatlar uchun ko‘pi bilan sariq kartochka ko‘rsatishadi.