Yonilg‘i narxining keskin oshishi fonida dunyo bo‘ylab aviakompaniyalar parvozlarni qisqartirmoqda — Bloomberg.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Niderlandiyaning KLM aviakompaniyasi Amsterdamdan amalga oshiriladigan 80 ta reysni bekor qiladi. Avvalroq United Airlines, Lufthansa va Cathay Pacific Airways kabi aviatashuvchilar ham zararni kamaytirish maqsadida yo‘nalishlarni qisqartirib, shunday choralarni ko‘rgan edi.
Qayd etilishicha, may oyida jahon bo‘yicha aviatashuvlar hajmi 3 foizga kamaygan. Mutaxassislar bu yil uchun dastlabki 4–6 foizlik o‘sish prognozini qayta ko‘rib chiqmoqda va ma’lum sharoitlarda yana 3 foizga pasayish ehtimoli borligini ta’kidlamoqda.
Yaqin Sharqda urush boshlanganidan so‘ng yuzaga kelgan uzilishlar mintaqa tashqarisiga ham tarqalib, yozgi mavsumga tahdid solmoqda. Delta Airlines rahbari Ed Bastian yonilg‘i xarajatlari 2,5 milliard dollarga oshganini ma’lum qilib, rentabelsiz reyslar qayta ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirgan.
Bloomberg'ning yozishicha, aviakompaniyalar “o‘zini o‘zi saqlash” rejimiga o‘tmoqda. Jumladan, Lufthansa 27 ta samolyotni ekspluatasiyadan chiqargan, Qantas Airways AQShga parvozlarni qisqartiradi, Air Canada va British Airways esa ayrim yo‘nalishlarni bekor qilmoqda. Tahlilchilarning ogohlantirishicha, agar yuqori narxlar saqlanib qolsa, bekor qilinishlar soni yanada ortadi va ayrim yo‘nalishlar vaqtincha yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin.