Bugun 17 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Yong‘inlar profilaktikasi samaradorligi oshirilmoqda

A A A
Yong‘inlar profilaktikasi samaradorligi oshirilmoqda

Senatning elliginchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, yong‘inlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, aholining maishiy hayotida va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida yong‘inlar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli noxush hodisalar ro‘y bermoqda. Jumladan, 2023 yilda 10 204 ta yong‘in hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan, jismoniy va yuridik shaxslarga esa 270,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlikni belgilash ko‘zda tutilmoqda. Bunda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs Kodeksning 38-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashdan ozod etilmaydi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo sanksiyalarini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Yana bir muhim jihat, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar Qonunning ma’qullanishi mamlakatimizda yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldi olinishiga, shuningdek, uy-joy fondida o‘z xonadonida yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida ro‘y bergan yong‘inlar yuzasidan huquqbuzar deb topilgan fuqarolarning insonparvarlik tamoyili asosida ijtimoiy himoyasini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.

Muhokamalardan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Kiritildi: 11:54 09.02.2024. O'qildi: 981 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!