Bugun 2 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Yassaviy merosi Bokuda: “Moviy gumbaz siri” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

A A A
Yassaviy merosi Bokuda: “Moviy gumbaz siri” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

30 sentyabr kuni Qozog‘iston Respublikasining “Azret Sulton” milliy tarixiy-madaniy muzey-qo‘riqxonasi tomonidan tayyorlangan “Moviy gumbaz siri” xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimi Ozarbayjon Milliy tarix muzeyida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur loyiha Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti, Janobi Oliylari Qosim-Jo‘mart Toqayevning Xo‘ja Ahmad Yassaviy merosini Qozog‘istonda va xorijda o‘rganish, asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etishga qaratilgan topshiriqlarini amalga oshirish borasidagi tizimli ishlarning davomi sifatida tashkil etildi.

Ko‘rgazma Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi, Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi ko‘magida, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish va turkiy xalqlarning mushtarak merosini targ‘ib etish doirasida tashkil etildi.

Tadbirda Ozarbayjon Milliy tarix muzeyi direktori, akademik Nailya Valixonli; Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy merosni muhofaza qilish, rivojlantirish va restavrasiya qilish davlat xizmati rahbari Sabina Hojiyeva; Qozog‘iston Respublikasining “Azret Sulton” milliy tarixiy-madaniy muzey-qo‘riqxonasi direktori Yerlan Dakenov, shuningdek, Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi vakillari Leyla Hasanova va Maksat Arg‘inbekovlar so‘zga chiqdi.

Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng ishtirokchilar “Moviy gumbaz siri” xalqaro ko‘rgazmasi ekspozisiyasi bilan tanishdilar.

Ko‘rgazmada qadimiy Turkistonning tarixiy va madaniy merosi, shuningdek, Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasining boy me’moriy xususiyatlari namoyish etildi. Ekspozisiyadan yodgorlikning maketlari, XII–XIV asrlarga oid asl koshinlar va me’moriy fragmentlar, shuningdek, kufiy xattotligining noyob namunalari o‘rin oldi.

Bundan tashqari, Xo‘ja Ahmad Yassaviyning ma’naviy merosini aks ettiruvchi qo‘lyozma va hujjatlar, jumladan, uning nasl-nasabi hamda ta’limotining turkiy xalqlarga ta’siri haqidagi materiallar ham ko‘rgazmaga qo‘yildi.

Kiritildi: 22:23 01.10.2026. O'qildi: 198 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!