Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlarni qutqarish ishlarini davom ettirmoqda.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichining aytishicha, qutqaruv ishlarida har bir daqiqa muhim ahamiyatga ega.
"Hozir ham qutqarilishini kutayotgan odamlar bor va bu vaqt bilan poyga hisoblanadi. Imkon qadar ko‘proq insonning hayotini saqlab qolish uchun mavjud barcha kuch va vositalar safarbar qilinadi", — dedi Takaichi.
29 iyul kuni ertalab qutqaruvchilar qisman qulab tushgan savdo markazi vayronalari orasidan sakkiz nafar insonni tirik olib chiqqan. Zilziladan taxminan bir soat o‘tib sodir bo‘lgan, sababi hozircha noma’lum portlash oqibatida 20 yoshlardagi ikki ayol halok bo‘lgan. Mahalliy OAVga ko‘ra, hodisa gaz portlashi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi tekshirilmoqda.
Qutqaruvchilar, polisiya va harbiylar yordam chaqiruvlari kelib tushgan hududlarda qidiruv ishlarini olib bormoqda. NHK telekanali ma’lumotiga ko‘ra, savdo markazining 20–30 nafar xodimi bedarak yo‘qolgan.
Shuningdek, Nippon Paper Industries kompaniyasi zavodida mo‘ri qulashi oqibatida 7 kishi bedarak yo‘qolgan, to‘rt nafar inson og‘ir jarohat olgan. Shifoxonalarda o‘nlab jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hokimiyat Kumamoto prefekturasi bo‘ylab taxminan 260 ming kishiga evakuasiya markazlariga ko‘chish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
7,1 magnitudali zilzila episentri aholisi 700 ming nafarga yaqin bo‘lgan Kyusyu orolining eng yirik shahri Kumamotodan janubga tomon taxminan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan. Mutaxassislar aholini kamida bir hafta davomida takroriy kuchli zilzilalar va ko‘chkilar xavfidan ogoh bo‘lishga chaqirgan.