AQSh Davlat departamenti Osiyo, Afrika, Shimoliy Amerika va Karib dengizi havzasidagi beshta xorijiy konsullik hamda missiyani yopmoqda. Bu holat Qo‘shma Shtatar diplomatik bo‘shliq qoldirayotgani va uni Xitoy egallashi mumkinligi haqidagi tanqidlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
AQSh Kongressiga bo‘lajak yopilishlar haqida bildirishnoma yuborildi. Bu qadam xarajatlarni qisqartirish bilan izohlanmoqda. Shuningdek, bu qaror Donald Tramp 2025 yil yanvar oyida Oq uyga qaytganidan beri AQShning bir qator mamlakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarini qayta baholashi ortidan qabul qilindi.
Kongressning bir nechta qo‘mitalariga yuborilgan xabarnomaga ko‘ra, Sent Jorjes (Grenada), Nagoya (Yaponiya), Medan (Indoneziya), Duala (Kamerun) va Vinnipegdagi (Kanada) missiyalar yopiladi.
Ushbu yopilishlar davlat kotibi Marko Rubio boshchiligida AQSh Davlat departamenti faoliyatini qisqartirish jarayonining davomi bo‘ladi. 2025 yilda departament 1300 dan ortiq xodimni, jumladan 246 nafar tashqi xizmat xodimini va 1107 nafar davlat xizmatchisini ishdan bo‘shatgan edi.
Amerika tashqi xizmati assosiasiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning dunyo bo‘ylab 195 ta elchilik lavozimidan yarmidan ko‘pi, jumladan, Germaniya, Kuba, Misr, Saudiya Arabistoni va Pokiston kabi muhim hududlardagi o‘rinlar hamon bo‘sh qolmoqda.
Demokratlar rejalashtirilgan so‘nggi yopilishlarni tanqid qilib, bu holat Xitoyga imkoniyat qoldirish xavfini tug‘dirayotganini da’vo qilmoqda.
Shu bilan birga, Oq uyning Boshqaruv va byudjet idorasi 30 tagacha xorijiy missiyani yopish bo‘yicha yanada kengroq dasturni ilgari surgan.