Yaponiyada yuz yoshga to‘lgan va undan oshgan aholi soni birinchi marta 100 ming nafardan oshdi. Bu haqda «Yomiuri» gazetasi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 1 sentyabr holatiga Yaponiyada yuz yoshdan oshganlar soni 107 677 nafarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7914 nafarga ko‘p.
Ma’lumotlar har yili 21 sentyabrda nishonlanadigan Qariyalarni hurmat qilish kuni arafasida to‘planadi. Yaponiyada yuz yoshdan oshganlar soni ketma-ket 56-yil rekord darajaga yetmoqda. 1963 yilda statistika yuritila boshlanganida mamlakatda bunday yoshdagi atigi 153 nafar kishi bo‘lgan.
Yuz yoshdan oshganlarning qariyb 90 foizini ayollar tashkil etadi — ularning soni 94 298 nafar. Mamlakatdagi eng keksa ayol Kiotoda yashovchi 114 yoshli Fue Kishimoto hisoblanadi.
Eng keksa erkak esa Kumamoto prefekturasida yashovchi 112 yoshli Hikaru Kato bo‘lib, Yaponiyada yuz yoshdan oshgan erkaklar soni 13 379 nafarni tashkil etadi.