Bugungi kunda yoshlar tobora ko‘proq onlayn video o‘yinlariga ruju qo‘ymoqdalar. O‘tgan yili Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti virtual o‘yinlarga mukkasidan ketishni kasallik deb e’lon qildi. Tashkilot bu kasallikni o‘yinlar ustidan nazoratning buzilishi, boshqa faoliyat turlaridan o‘yinlarni ustun qo‘yish va salbiy oqibatlarga qaramay o‘yinni davom ettirish yoki kuchaytirish deb ta’riflagan.
Garchi bu kasallik dunyoning istalgan joyida bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, Yaponiya ushbu dardga qarshi birinchilardan bo‘lib kurashmoqda.
«Men tushdan keyin uyg‘onaman, keyin esa kompyuterimni yoqaman. Ertasi kuni tushgacha virtual o‘yin o‘ynayman, keyin uxlayman», deydi Shintaro Sakuray. U kuniga 3 soatdan 20 soatgacha kompyuter o‘yinlarini o‘ynaydi va kamdan- kam hollarda boshqa ish qilishga vaqt topadi. Ammo, Sakuray o‘zini kompyuterga ruju qo‘yganligini rad etadi.
Haddan tashqari ko‘p o‘yin o‘ynash odamlarning do‘stlari va oilasiga ta’sir qiladi.
«Men soat 8-9 larda uyg‘onaman. Birinchi qiladigan ishim kompyuterimni yoqishdir», deydi Tokio yaqinida ota-onasi bilan yashaydigan maktab o‘quvchisi Taito Kobayashi.
“U tuni bilan uyg‘oq bo‘ladi va juda oz uxlaydi», – deydi Taitoning onasi Remi Kobayashi. «Uning uchun eng muhim narsa onlayn o‘yinlardir. Ota-ona sifatida biz bu holatni o‘zgartirish uchun nima qilishimiz kerakligini o‘ylab ko‘rishimiz kerak», deya qo‘shimcha qildi uning otasi Xiroyuki Kobayashi.
Ushbu kasallikni davolashga yo‘naltirilgan Yaponiyadagi birinchi shifoxonada mutaxassisi Susumu Xiguchi haddan tashqari ko‘p kompyuter o‘yinlari o‘ynash yoshlarning asab tizimiga ko‘rsatayotgan ta’siridan xavotirlanmoqda.
«O‘yinlarga ruju qo‘yish miya shikastlanishiga sabab bo‘lgani haqida bir qancha holatlar kuzatilgan. Ya’ni, haddan tashqari ko‘p o‘yin o‘ynash tufayli asab hujayralari o‘lgan yoki ularga shikast yetgan», deydi u.
Onlayn o‘yinlarga ruju qo‘yganlar uchun ushbu kasallikni muvaffaqiyatli davolash usullari mavjudmi? Xiguchining aytishicha, bu bo‘yicha tadqiqotlar hali ham davom etmoqda.
«Biz o‘yinlarga odatlangan bemorni ko‘rganimizda, unga o‘yin o‘ynashdan voz kechishni qat’iy tavsiya qilamiz. Agar ular bunga rozi bo‘lishsa, odatda ularning holatlari yaxshi tomonga o‘zgaradi. Ammo, agar ular o‘yinni butunlay to‘xtatishni istamasalar, bemorlarning ahvoli unchalik yaxshi bo‘lmaydi» deydi u.
Xiguchi shuningdek, biror narsaga ruju qo‘yish bilan kompyuter o‘yinlarga ruju qo‘yishning farqini aytib o‘tdi.
«Qimor o‘yinlari yoki spirtli ichimliklarga mukkasidan ketgan bemorlarning aksariyati kattalardir. Ular o‘zlarining ahvolini tushunishadi va nima uchun ichishni yoki qimor o‘yinlarini to‘xtatish kerakligini va hokazolarni tushuna oladilar», deya tushuntiradi Xiguchi.
«Ammo o‘yin o‘ynashga ortiqcha berilgan o‘quvchi bolalar va qizlar haqida gap ketganda, ular buni tushunishmaydi. Shunday qilib, agar biz ularga birdaniga juda ko‘p vazifalarni yuklasak, ular davolanishdan voz kechishadi. Va bu biz uchun juda katta muammo bo‘ladi. Biz bemorlarni shunday davolashimiz kerakki, ular davolanish jarayonidan voz kechmagan holda, bu kasallikdan forig‘ bo‘lishlari lozim” deydi yaponiyalik mutaxassis.