Yangi O‘zbekiston universiteti talabalariga stipendiya to‘lanmaydi. Bu amaliyot xalqaro standartlar asosida qabul qilinmoqda. Bu haqda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova ma’lum qildi.
«Universitetda talabalar albatta, kontrakt asosida o‘qiydi. Hozirda bu yilgi kontrakt asosida talabalarni qabul qilish tartibi loyiha holida Hukumatga kiritilgan. Lekin, shu aniqki, abituriyentlarga grant asosida o‘qishi uchun ham katta imkoniyatlar beriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kontrakt summasi tasdiqlanmagan. Kontrakt summasini hisoblaydigan bo‘lsak, yaxshi ta’lim olaman desangiz, yaxshi universitetda arzonga tushmaydi», dedi Umarova.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi davlat OTMning kontrakti byudjet moliyalashtirayotgani uchun ham ma’lum miqdorda arzon. Biroq sof ta’lim anchayin qimmat turadi.
«Talabalarga stipendiya berish ko‘zda tutilmagan. Bu xalqaro standartdagi universitet. Skolarship'lar, har xil loyihalar uchun grantlar beriladi.
Misol uchun, amaliyotini chet davlatda o‘qish bo‘yicha va boshqalarga. Lekin stipendiya berilmaydi.
Iqtidorli bo‘lsa talabaga kontrakti ham to‘lab berilishi mumkin», dedi agentlik rahbari.