Payshanbaga o‘tar kechasi Tailand Kambodja bilan chegarani yopganini e’lon qildi. Xabar berilishicha, ikki davlat chegarasida janglar bo‘lib o‘tmoqda. Tailand kamida uch nafar tinch aholi vakili, jumladan, besh yoshli bolaning og‘ir yaralanganini ma’lum qildi. Tailand hukumati Kambodja armiyasini kasalxonalardan biriga o‘t ochganlikda ayblamoqda.
Kambodja esa, aksincha, Tailandni artilleriya qurollaridan foydalanishda va o‘z hududiga aviazarbalar yo‘llaganlikda aybladi. Kambodja hukumati Tailandning harakatlarini “vahshiy va noqonuniy tajovuz”, shuningdek, “BMT Nizomi va xalqaro huquqning asosiy tamoyillarini qo‘pol ravishda buzish” deb atadi.
Avvalroq Tailand o‘z harbiylaridan biri Kambodja bilan chegara hududida mina portlashi oqibatida halok bo‘lganini bildirgandi. Ushbu voqeadan so‘ng Tailand hukumati o‘z elchisini Pnompendan chaqirib oldi.
"So‘nggi paytlarda ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashib bormoqda. Mojaro chuqurlashgan sari Kambodja Tailanddan meva va sabzavotlar importini taqiqladi hamda Tailand filmlarini namoyish qilishni man qildi. Bundan tashqari, Ikki davlat o‘rtasidagi ko‘plab chegara o‘tish punktlari faoliyati to‘xtatilgan yoki cheklangan", deya xabar bermoqda BBC.