Bugun 14 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Yangi Toshkentda investorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtiriladi

Yangi Toshkentda investorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentning master rejasi mukammal shahar barpo etish maqsadida ishlab chiqilganini ta’kidlab, u investorlar tashabbusiga to‘siq bo‘lmasligi kerakligini qayd etdi.

Agar taklif etilayotgan o‘ziga xos loyiha shahar manfaatlariga xizmat qilsa, lot maydoni yoki ob’ekt turini o‘zgartirish bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishi lozim.

Shu bilan birga, investorlar takliflarini ko‘rib chiqish jarayonlarida murakkablik va shaffoflik yetishmasligi, ayrim qarorlarning oylab cho‘zilayotgani tanqid qilindi. Takliflarni tezkor, aniq va shaffof mezonlar asosida ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Yangi Toshkentning o‘ziga xos qiyofasini belgilaydigan yirik tijorat ob’ektlarini ko‘paytirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Hozirga qadar sotilgan 54 ta lotdan faqat 3 tasidagi loyihalar qiymati 100 million dollardan oshadi.

Er ajratishda ochiq tashabbus va “Sviss challenge” tamoyiliga asoslangan amaliyot joriy etiladi. Bunda loyiha tashabbusi ochiq e’lon qilinadi va boshqa investorlar uchun ham raqobat imkoniyati yaratiladi. Agar boshqa ishtirokchilar yaxshiroq shartlarni taklif etmasa, yer birinchi tashabbuskorga ajratiladi.

Mazkur yondashuv investorlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va Yangi Toshkent qurilishiga xususiy investisiyalarni kengroq jalb etishga xizmat qiladi.

Yangi Toshkentda xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy ob’ektlar qurilishiga turtki berish uchun infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqiladi.

Infratuzilma to‘lovining bazaviy stavkasi savdo, servis va biznes markazlari uchun 3 barobar, mehmonxona va turizm ob’ektlari uchun 5 barobar, madaniy hamda ko‘ngilochar maskanlar uchun 10 barobar kamaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov 1 foiz etib belgilanadi.

Bu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.

Dunyoning yetakchi arxitektorlari ishlab chiqqan o‘ziga xos loyihalarga tezkor tartib qo‘llanadi. Loyihalash, qurilish va ob’ektni foydalanishga qabul qilish jarayonlari jadallashtiriladi, bir xil ma’lumotni qayta-qayta talab qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi.

Kiritildi: 11:30 12.10.2026. O'qildi: 378 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!