Amaldagi Konstitusiyaning 41-moddasida ta’lim to‘g‘risida shunday deyilgan: “Har kim bilim olish huquqiga ega. Davlat bepul umumiy ta’limni kafolatlaydi. Maktab ishi davlat nazorati ostida”.
Ko‘rib turganingizdek, huquqiy normaning mazmuni fuqarolarning ta’lim olish, bepul umumiy ta’lim olish va maktab ishlarini davlat tomonidan himoya qilinishi huquqini nazarda tutadi.
Hozirgi jadal texnik va texnologik taraqqiyot, fanlar, nazariyalar, dunyoqarashlarning jadal rivojlanishi sharoitida ta’limni tashkil etish va amalga oshirish jarayonlari uzluksizlikni, tizimli, yaxlit yoki differensial yondashuvni taqozo etadi.
Olimlar va mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, raqamlashayotgan XXI asrda yaqin 10 yil ichida kasb va mutaxassisliklarning 80 foizi bevosita STEM fanlari va eng yangi texnologiyalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Ta’lim o‘z abituriyentlariga ta’lim olishning har xil (xususiy, davlat, masofaviy, sirtqi, kechki, byudjet, kontrakt va b.) turlari va usullarini taklif qilishi mumkin bo‘lgan bir sharoitda, zarur ilmiy resurslarni to‘plash, mamlakatning ilmiy salohiyatini mustahkamlash uchun davlatning eng katta ko‘magi zarur bo‘lgan bir davrda, ta’lim faoliyati va jarayonlari konstitusiyaviy kafolatlarga asoslangan va mukammal bo‘lgan huquqiy tartibotga muhtoj.
Shuning uchun ham Konstitusiyaning yangi tahririda shaxsning komil inson bo‘lib yetishishi uchun zarur bo‘lgan ta’lim-tarbiyaning barcha jarayonlari va bosqichlarini qamrab olgan ushbu muhim soha faoliyatini Konstitusiyamizning 41 moddasiga ba’zi bir o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali yanada aniqroq, yanada mukammalroq ifodalash taklif etilgan. Ya’ni, agar 41-modda ta’limning barcha bosqichlarini yaxlitligicha nazarda tutsa, taklif etilayotgan tahrirda shakllantirilgan bandlar maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, o‘qituvchilarning har qanday noqonuniy aralashuvdan himoyalanishi kafolatlangan huquqlarini qamrab oladi va uni quyidagi tahrirda bayon etadi:
“Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida davlat mablag‘lari hisobidan tanlov asosida oliy ta’lim olish huquqiga ega.
Oliy ta’lim tashkilotlari akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega.
Davlat ilm-fan rivojiga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatilishiga yordam beradi» (51-modda).
Keling, ushbu qoidalar qanday talqin qilinishi kerakligi borasida fikr yuritaylik.
Ma’lumki, mamlakatimizning barcha fuqarolari davlat ta’lim muassasalarida tanlov asosida davlat mablag‘lari hisobidan oliy ta’lim olish huquqiga ega. Ya’ni mamlakatimizda barcha fuqarolar millati, yoshi, dini va boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, oliy ta’lim olishda teng huquqlarga ega.
Tanlov asosida deganda nimani tushunamiz? Barchamiz yaxshi bilamizki, har qanday qabul, xoh o‘qishgaga, xoh xizmat, xoh ishga bo‘lsin, tanlov asosida amalga oshiriladi. Bizning davrimizda bu aksiomaga aylangan, chunki oddiy qilib aytganda, biz "mushukni qopda sotib olmaymizku". Oliy ma’lumot olish xoxishini bildirgan har bir kimsa ham universitetda o‘qishga loyiq bo‘lmasligi mumkin. Buning uchun siz ma’lum miqdordagi bilimga ega bo‘lishingiz kerakki, olingan bilim darajasi uni snash, tekshirish orqali aniqlanadi: abituriyentning umumiy ta’lim yoki maxsus ta’lim muassasasida olgan bilim darajasi universitet dasturi talablariga javob beradimi yoki yo‘qmi? Sinovlarning qay tarzda o‘tishi (test, imtihon, yozma ish, so‘hbat) qonunchiligimizdagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilanadi.
Qanday hollarda abituriyent davlat hisobidan o‘qishi mumkin?
Davlat (ijrochi davlat organi) davlat yoki boshqa oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun ma’lum bir sohada malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojga qarab kvotalar beradi va ma’lum miqdordagi grantlar (pul imtiyozlari) ajratadi. Biroq, "byudjet talabalari" deb ataladiganlar soni cheklangan. Bunday imkoniyatga aslida sinovlar jarayonida maksimal ball to‘plaganlar ega bo‘lishlari mumkin. Bunda davlat imtiyozlaridan foydalanib ta’lim olgan bitiruvchi bir necha yil davomida o‘zi tanlagan soha (korxona, tashkilot, muassasa)da ishlab, shu orqali davlatning umidlarini oqlab, yaxshi mutaxassisga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi shart.
Maksimal ball to‘plab, nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish imkoniga ega bo‘lganlar ham davlat (davlat organi, muassasa) nafaqasi bo‘yicha o‘qishlari mumkin. 2022-2026-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning yangi strategiyasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuboriladigan yoshlar sonini ikki barobarga oshirish vazifasi belgilangan. Shu bilan birga, suhbat chog‘ida abituriyent xorijda olgan bilim va ko‘nikmalari bilan o‘z vataniga qaytishiga va mamlakatni rivojlantirishga oid strategik vazifalarini hal etishda faol ishtirok etishiga ishontira olishi kerak. Shu usul bilan davlat o‘zi tanlagan kasbi va mutaxassisligi bo‘yicha imkon qadar ko‘proq bilim olishga intilayotgan yoshlarni kelajak jamiyat taraqqiyotida ishtirok etish va davlat qudratini mustahkamlashda eng talabgor kadrlar bo‘lishlari uchun rag‘batlantiradi.
Keyingi band: “Oliy ta’lim muassasalari akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, ilmiy-tadqiqot va o‘qitish erkinligiga ega” deganda, eng avvalo, demokratik davlat qurishga intilayotgan O‘zbekistonning demokratik taraqqiyot yo‘lidan borayotganligi nazarda tutiladi.
Ushbu normaning mohiyatini tushunish uchun, birinchi navbatda, "akademik erkinlik" nimalagini onglash kerak bo‘ladi.
"Universitet avtonomiyasi" deb ham ataladigan akademik erkinlik o‘z faoliyatini tamoyillar asosida shakllantiradi va amalga oshiradi, unga ko‘ra universitetlar va ilmiy tashkilotlarning professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari o‘z xohishlariga ko‘ra o‘quv mavzulari va kurslarni, o‘qitish metodikasi, ilmiy tadqiqot mavzulari va yo‘nalishlarini talabalar va mutaxassislarning mayl va ehtiyojlariga qarab tanlash va taqdim etish huquqiga ega bo‘ladilar. Ularning avtonomiya deb atalishi Yevropa universitetlar assosiasiyasining o‘z mustaqilligini 4 yo‘nalishda belgilagani bilan bog‘liq: tashkiliy, moliyaviy, ishga qabul qilish erkinligi va tegishli akademik avtonomiya.
Akademik erkinlik deganda universitetning o‘z ichki o‘quv ishlarini mustaqil boshqarish qobiliyati, universitetning talabalarni qabul qilish, o‘quv dasturlarining mazmuni, o‘qitish usul va uslublarini mustaqil ravishda shakllantirish va tashkillashtirish, sifat nazoratini amalga oshirish, o‘qitish tilini tanlash kabi turli akademik muammolarni hal qilish imkoniyatlari tushuniladi.
Bu nima uchun kerak?
Avvalo, akademik erkinlik akademik madaniyatning ajralmas qismi bo‘lib, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda (Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh) jamiyatni demokratlashtirishning ham ko‘rsatkichidir. Ushbu mamlakatlarning akademik erkinlikka ega bo‘lgan barcha OTMda, garchi o‘qitishning milliy o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lsada, ilmiy tadqiqotlar olib borish va uning natijalarini nashr etish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Qolaversa, xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, akademik erkinlik ilm-fan rivojiga, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga, mamlakat ilmiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunday holda, o‘zi rejalashtirgan yo‘nalishda muvaffaqiyatli rivojlanishdan manfaatdor bo‘lgan davlat, normaning yangi tahririda ta’kidlanganidek, "ilm-fan rivojiga va jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatilishiga ko‘maklashadi". Zero dunyoda ilm-fan integrasiyalashgan holda, birgalikda rivojlanadi. Shu bilan birga, ushbu jarayonlarni xalqaro huquq normalariga zid bo‘lmagan holda huquqiy tartibga solish, ya’ni ularni to‘g‘ri tashkil etish, sohani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish tegishli huquqiy baza, ya’ni muayyan qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan ta’minlanadi.
Ko‘rib turganingizdek, 41-moddaga ko‘shimcha sifatida taklif etilayotgan yuridik normalar fan va ta’limni tizimli munosabatlar asosida va o‘zaro bog‘liqlikda rivojlantirish kafolatlarini nazarda tutadi, bu esa Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishga erishish uchun ulkan, ammo amalga oshirish mumkin bo‘lgan rejalari kontektida juda muhim omildir.
M. M. Jalolov,
Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori,
Texnik fanlar bshyicha falsafa doktori (PhD)