Bugun 25 dekabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Yana bir Yevropa davlati Isroilga qarshi da’voga qo‘shildi

Yana bir Yevropa davlati Isroilga qarshi da’voga qo‘shildi

Janubiy Afrika Respublikasi tomonidan Xalqaro jinoyat sudiga Isroil davlati ustidan kiritilgan da’vo ishiga Belgiya ham rasman qo‘shildi. Oldinroq ushbu da’vo ishiga Braziliya, Kolumbiya, Irlandiya, Meksika, Ispaniya, Turkiya kabi davlatlar ham qo‘shilgan edi.

2023 yil 29 dekabr kuni JAR Isroilni G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genosid jinoyatini sodir etishda ayblab xalqaro mahkamaga murojaat qilgan edi.

Yahudiy davlati harbiylari 1948 yilda qabul qilingan Genosid to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan holda, G‘azoda minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirish, Falastin aholisining bir qismini qasddan qirishda ayblanmoqda.

Xalqaro jinoyat sudi 2024 yil yanvar, mart va may oylarida qabul qilgan dastlabki qarorlarida Isroilga G‘azo sektorida genosid harakatlarining oldini olish majburiyatini yuklagan.

2024 yil 21 noyabr kuni esa xalqaro mahkama G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlari sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergan.

Ushbu ikki shaxsga G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.

Xalqaro sud qarori majburiy bo‘lsa-da, uni to‘laqonli amalga tatbiq etish mexanizmi mavjud emas. Tel-Aviv hukumati esa bu ayblovlarni bir tomonlama rad etib keladi.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan keyin, ikki yil davomida kamida 70942 nafar falastinlik o‘ldirildi. 2025 yil 10 oktyabr kungi otashkesim bitimidan keyin ham Isroil hujumi oqibatida 406 nafar falastinlik halok bo‘lgan.

Avvalroq London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji olimlari Isroil tomonidan G‘azo sektorida olib borilayotgan urushda hudud aholisining 4 foizi yoki 80 mingdan ziyodi o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Ekspertlar “XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan” degan xulosaga kelgan.

Joriy yil sentyabr oyi BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genosid deb tan oldi.

Isroilning amaldagi hukumati olib borayotgan jangovar siyosat va xunrezlik amaliyotlari hatto yahudiylar tomonidan ham tanqid qilinmoqda. Bir necha oy avval Isroildagi ikki yetakchi inson huquqlari tashkiloti – B'Tselem hamda Physicians for Human Rights mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukumatini falastinliklarga nisbatan genosid sodir etishda ayblagan edi.

Jahonning turli davlatlarida yashovchi 460 ga yaqin yahudiy namoyandalari – ilm-fan, madaniyat va siyosat arboblari ham BMT hamda dunyo yetakchilariga Isroil hukumatiga qarshi jazo choralari qo‘llashni so‘rab murojaatnoma yo‘llagan. Murojaat mualliflari Isroilning ishg‘ol ostidagi Falastin yerlaridagi (G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddus) harakatlarini vijdonsizlik va genosid deb atagan.

Kiritildi: Bugun 15:40. O'qildi: 373 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!