Avstriya tashqi ishlar vaziri Beate Maynl-Rayzinger mamlakatning neytrallikdan voz kechishi va NATOga qo‘shilishi masalasini jamoatchilik muhokamasiga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Die Welt nashriga bergan intervyusida u shunday dedi: kuchayayotgan beqarorlik va «Rossiyaning tobora tajovuzkor siyosat» yuritayotgani sharoitida Avstriyaning oldingi maqomi endi ishonchli himoyani ta’minlamaydi.
📣 Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozircha mamlakatda NATOga a’zo bo‘lish uchun na parlamentda, na jamoatchilik orasida ko‘pchilik yo‘q, ammo Avstriyaning mudofaa siyosati kelajagi borasidagi muhokama "juda samarali bo‘lishi mumkin".
U mudofaa sohasiga investisiyalarni oshirish va xavfsizlik bo‘yicha hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Avstriya 1955 yili okkupasiyachi qo‘shinlar chiqib ketganidan so‘ng va suverenitet tiklanganidan keyin "doimiy neytrallik" maqomini e’lon qilgan edi. Biroq, Deutsche Welle ta’kidlashicha, Avstriya shundan beri NATO bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Avvalroq Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Avstriyani g‘arb qurollarini o‘z hududi orqali tranzit qilish orqali neytral maqomni buzganlikda ayblagan edi.
Eslatib o‘tamiz, ilgari neytral bo‘lgan Finlyandiya va Shvesiya 2023 va 2024 yillarda NATO a’zosi bo‘lishdi.