Kipr prezidenti Nikos Xristodulidis mamlakat NATOga a’zo bo‘lmoqchi ekanini aytdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Kipr hozirda Vashington bilan alyansga qo‘shilish yo‘llarini muhokama qilmoqda.
Turkiyaning e’tirozlari tufayli Kipr NATOga a’zo davlat bo‘la olmasligi mamlakat armiyasini modernizasiya qilish va harbiy texnika sotib olish bo‘yicha ko‘plab imkoniyatlardan mahrum qiladi, dedi Xristodulidis.
U Kipr AQSh bilan respublikaning ittifoqqa a’zo bo‘lishining uch darajasini muhokama qilayotganini aytdi. Kiprning tiyib turish salohiyatini mustahkamlash birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Siyosatchi bu borada NATO va AQSh kanallari orqali ham, orol ishtirok etayotgan Yevropa ittifoqi mudofaa dasturlari orqali ham imkoniyatlar izlayotganini bildirdi.
Kipr harbiy kuchlari AQSh yordami bilan zarur tayyorgarlik va asbob-uskunalarni olgandan so‘ng NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishi mumkin, dedi u.
Xristodulidis Kiprning asosiy afzalligi orol “alohida geostrategik ahamiyatga ega bo‘lgan hududda” joylashganini aytdi.
U, shuningdek, orolning harbiy-dengiz va harbiy-havo bazalarini modernizasiya qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilingani, Kipr Yevropa ittifoqi bilan harbiy-dengiz ob’ektlari, AQSh bilan esa harbiy-havo ob’ektlari bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi.
NATOga a’zo bo‘lish uchun potensial ariza topshirish muddatlari haqidagi savolga prezident “Bu haqda qancha kam gapirsak, maqsadimizga shuncha yaqinlashamiz”, deya javob berdi.
NATO qoidalariga ko‘ra, hududiy muammolari hal etilmagan davlat unga a’zo bo‘la olmaydi. Kipr xuddi shu nomdagi orolning taxminan 60 foizini boshqaradi, qolgan qismini esa Shimoliy Kipr turk respublikasi nazoratida. Kiprning NATOga muvaffaqiyatli a’zo bo‘lish imkoniyatlari Kipr mojarosining hal etilishi va Turkiya bilan munosabatlarning yaxshilanishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq.