“COVID-19” pandemiyasi sababli to‘xtab qolgan Umra ziyorati, uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng, katta quvonch bilan yana qayta yo‘lga qo‘yildi. Quvonarli jihati, 20 mart kuni, “Umra-2020” mavsumida safar xarajatlarini to‘liq amalga oshirgan, lekin “COVID-19” pandemiyasi sababli ziyoratga bora olmagan fuqarolarimizning oxirgi guruhlari Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmatining xabar berishicha, Saudiya Arabistoni bilan mavjud shartnomaga muvofiq, “COVID-19” pandemiyasi sababli ziyoratga bora olmay qolgan 23 ming yurtdoshimizni Umra safariga yuborish ishlari to‘liq yakunlanadi.
Ayni kunlarda Ramazon va Shavvol oylarida Umra safarini amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy va amaliy ishlar jadal sur’atda olib borilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, hozirgi kunda Saudiya Arabistonida “COVID-19” pandemiyasi bilan bog‘liq o‘rnatilgan karantin talablari asta-sekin yumshatilib, Saudiya hukumati tomonidan barcha davlatlar, xususan, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Eron va Misr kabi yirik musulmon mamlakatlariga Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berildi.
Bu esa, o‘z navbatida, mehmonxona va boshqa turdagi servislarga talab oshishiga, xususan, Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra tadbirlarining narx-navosiga ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘lishi haqida ham ma’lumot berilgan edi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan hamkor shirkat vakillari bilan Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra ziyorati yuzasidan muzokaralar olib borildi va belgilanadigan narx bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
Ta’kidlash zarurki, Ramazon oyida Saudiya Arabistonidagi mavjud sharoitdan kelib chiqib, xizmat ko‘rsatish narxlari oshayotgan bo‘lsada, sa’y-harakatlar natijasida Shavvol oyida (Ramazon oyidan keyin) Umra mavsumining oxirigacha ziyoratchilarning safar xarajatlari uchun amaldagi mavjud qiymat saqlab qolinadi.
Yana bir muhim masala, yurtdoshlarimizning Umra ziyoratiga bo‘lgan talab va istaklarini inobatga olib, Umra safarini sayyohlik firmalari orqali ham qisman tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.