Yaqin o‘tmishimizda chet el valyutasi u yoqda tursin balki kredit olishni faqat banklar orqali olsa bo‘ladi va bankdan kredit olgan odam esa juda katta qog‘ozbozlik yo‘lidan o‘tgan degan hayol ongimizga singib ketgan edi. Hozirda kredit olish juda soddalashtirilmoqdaki bugungi kunga kelib xorijiy valyutada kreditni bankdan tashqari subyektlar ham taklif etadigan zamonga kelmoqdamiz.
Ya’ni endilikda tadbirkorlik sub’ektlari xorijiy valyutada kredit olish uchun nafaqat banklarga, balki mikromoliya tashkilotlariga ham murojaat etishlari mumkin.
Qabul qilingan qaror mikromoliya tashkilotlarining rivojlanishidagi yangi inqilobiy yondashuv desak xato bo‘lmaydi. Eng asosiy o‘zgarishlardan biri sifatida yana, mikromoliya tashkiloti lisenziya asosida to‘lov tashkiloti (Payme, Click va hk kabi) faoliyatini ham yurita olishini ham qayd lozim. Qonunchilikda faqat to‘lov tashkiloti mikromoliya tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsata olar edi. Bu yangilik esa sohada sog‘lom va teng kuchli raqobatni kuchaytirib, natijada aholiga tanlash imkoniyatini beradi.
Qarorning yana qiziq jihatlaridan biri bu mikromoliya tashkilotlari rivojlanishi natijasida mikromoliya banklariga, mikromoliya banklari esa tijorat banklariga va aksincha transformasiya jarayonlari yaratilishidir.
Bu esa o‘z navbatida, yuqorida qayd etilganidek, mikromoliyalash bozori hajmini yanada oshishiga, mikromoliyaviy xizmatlar bilan tadbirkorlarni ko‘proq qamrab olishga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi orqali biznesni rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish natijasida aholi turmush darajasini yaxshilashga olib keladi.
Qolaversa, mikromoliya xizmatlar bozorida banklar bilan mikromoliya tashkilotlari o‘rtasidagi bo‘shliq bazaviy bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya banklari bilan to‘ldirilmoqda.
Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati rivojlanayotgan vaqtda biznes rivoji uchun sarmoya olish, xorijiy valyutada kreditlar olish soddalashtirishi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Biznes rivojlanib borar ekan yangi texnologiyalar jalb qilinar ekan, bugungi narsa ertaga eskirib qoladi. Biznesga yangi g‘oyalarni jalb etish uchun esa albatta sarmoya talab etadi.
Mikromoliya tashkilotlarining rivojlanishi va ularning transformasiyasi moliya bozoriga yaxshi imkoniyatlarni beradi. Raqobatni kuchaytiradi, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilaydi. Asosiysi odamlarda moliyaviy manbalarga va resurslarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkoniyati kengayadi.