Bugun 8 sentyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Xorijdan keltirilgan avtobusni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga bo‘lgan noqonuniy urinishning oldi olindi

Xorijdan keltirilgan avtobusni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga bo‘lgan noqonuniy urinishning oldi olindi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida xorijdan keltirilgan avtobusni imtiyoz asosida, ya’ni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga bo‘lgan noqonuniy urinishning oldi olindi. Bu haqida UzA — O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar qildi.

Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 2021 yil 4 iyundagi qaroriga binoan haydovchi bilan birga 60 kishi yoki undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan transport vositalari (avtobuslar va elektrobuslar) bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan.

Ayni shu imtiyozdan foydalanish maqsadida xorijdan keltirilgan qiymati 1,1 mlrd. so‘mlik avtobusning o‘rindiqlar soni tegishli hujjatlarda 60 ta ekanligi qayd etiladi. Ammo “Toshkent-tovar” bojxona posti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan bojxona ko‘rigi jarayonida avtobus aslida 56 o‘rindiqli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Buni qarangki, o‘rindiqlar sonini 60 taga yetkazish maqsadida avtobusga keyinchalik payvandlash usuli bilan qo‘lbola tarzda 4 ta qo‘shimcha kichik o‘rindiqlar o‘rnatilgan ekan. Buni X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, Ichki ishlar vazirligining ekspert kriminalistika bosh markazi hamda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazining xulosasi ham tasdiqladi. O‘rindiqlar sonini sun’iy ravishda ko‘paytirish orqali avtobus egalari 865 mln. so‘mlik bojxona to‘lovlaridan imtiyozni qo‘lga kiritishga uringan.

Hozirda avtobus vaqtincha saqlovga olingan. Holat yuzasidan esa bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.

Kiritildi: 15:54 11.06.2024. O'qildi: 1301 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!