Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Xorijdagi vatandoshimiz “18 yoshli” ayolga chuv tushdi

Xorijdagi vatandoshimiz “18 yoshli” ayolga chuv tushdi

1982 yilda Namangan viloyatining Uychi tumanida tug‘ilgan Oyqiz Alimovaning (ism-sharifi o‘zgartirilgan) hozirgi kungacha bo‘lgan “hayot yo‘li” jafokash o‘zbek ayolining turmush tarziga mutlaqo yotdir. O.Alimova dastlab, 25 yoshida talonchilik jinoyatini sodir etib, 2007 yil 15 iyunda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining hukmiga ko‘ra 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Afsuski, sudlanganlik “tamg‘asi” O.Alimovaga saboq bo‘lmadi. Jazo muddatini o‘tab ozodlikka chiqqach, 2020 yilning iyun oyiga qadar, 1 emas, 2 emas, 3 emas, naqd 8 marta sudning qora kursisidan “joy oldi”. Talonchilik, o‘g‘irlik, firibgarlik kabi jinoyatlar uning doimiy “kasb”iga aylandi.

2019 yilning 24 sentyabrdagi jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudining ajrimiga asosan tayinlangan 2 yilu 7 oy 9 kun ATI jazosi Jinoyat kodeksining 46-moddasiga asosan xuddi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan vaqtda ham huquqni muhofaza qilish organlaridan qochib, quyidagi sud ocherkimiz yozilishiga sabab bo‘lgan jinoyatlarni sodir etdi.

Qidiruv e’lon qilinganidan xabar topgan xavfli residivist O.Alimova endi Uychidagi uyida yashamay, Norin tumanidagi tanishlarinikida berkinib, yashab yurdi.

2019 yilning oktyabr oyi boshlarida O.Alimova Norin tumanidan Namangan shahriga kelib, tanishi Zafar ismli kirakash orqali o‘z fuqarolik pasportiga …89-83 raqamli sim-karta olib, ushbu raqamga telegram ochib, undan foydalanib yurdi.

O‘sha kezlarda O.Alimova telegram ijtimoiy tarmog‘ida Misr Arab Respublikasida joylashgan “al-Azhar” universitetida tahsil olayotgan asli Namangan shahrilik Sardor ismli talaba yigit bilan tanishib qoladi. Makkora ayol o‘zini 18 yosh deb tanishtirib, 2000 yilda tug‘ilganligini, ismi Zilola bo‘lib, otasi viloyat IIB boshlig‘i bo‘lganligini aytib, shaxsi haqida noto‘g‘ri ma’lumot berib, olisdagi talabani aldab, “ilintiradi”. Viloyatdagi nufuzli boshqarma rahbarini “qizi” bilan tanishgan Sardorbek Oyqiz bilan telegram orqali gaplashib yurib, uni Misr davlatiga sayohatga taklif qiladi. Oyqiz “borardim-u, lekin samolyotga bilet olishga pulim yo‘q-da”, deb yozib yuboradi. Shunda Sardor unga Toshkent shahridagi tanishiga 150 AQSh dollari yuborishini, undan borib, pulni olib samolyotga bilet olishini aytadi.

Oyqiz pulni olgani Toshkent shahriga borganida, siri ochilib qolishidan cho‘chib, pul beruvchi yigitga o‘zini “Zilolaning xolasiman”, deb tanishtiradi. Sardorga ham “Yuborgan pulingizni xolam borib oldilar”, deb yozib yuboradi.

Oradan bir-ikki kun vaqt o‘tib, Sardor “Bilet oldingizmi, qayerdan uchadigan bo‘ldingiz?”, deb Ziloladan so‘raydi. Zilola Samarqanddan uchadigan samolyotga bilet olganini aytadi.

Sardor Zilolaga Toshkent shahridan bir kishi unga pul berib yuborishini, shu pulni unga olib kelib berishini iltimos qiladi. Kelishilgan kuni Toshkent shahrida “Jasmin” mini-marketi oldida notanish bir yigit kelib, Zilolaga Sardorga yetkazishini tayinlab, 1400 AQSh dollari berib ketadi.

Samarqanddan “uchish”ini eshitgan Sardor Zilolaga yana bir iltimos qiladi. Samarqandning yo‘lida joylashgan G‘allaorol tumanida uning yo‘liga Kamolxon aka ismli kishi chiqib turib, u bilan birga tahsil olayotgan ukasi Fazliddinga pul berib yuborishini aytadi. Zilola Toshkentdan Samarqand shahriga olib borib, qaytarib kelib qo‘yish sharti bilan 100 AQSh dollariga notanish mashinani yollab, “Qaydasan Samarqand?”, deya yo‘lga chiqadi.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumaniga yetib kelgan vaqtida Sardor aytgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qiladi. Xullas, Kamolxon aka ham unga 1780 AQSh dollari beradi. Bir zumda “boyvuchcha”ga aylangan O.Alimova bundan keyin Sardor uni topa olmasligi uchun kinolarda ko‘rganidek, telefondan sim-kartani chiqarib, uni sindirib tashlab yuboradi va kechgacha Samarqand shahrini aylanib, beli og‘rimay “topgan” pullarni o‘z ehtiyojiga ishlatib, Toshkentga qaytib ketadi…

“Buzoqning yugurgani somonxonagacha” deganlaridek, O.Alimovaning kayfu safo qilib yurishi unchalik uzoqqa bormadi.

Joriy yilning 25 yanvar kuni xavfli residivist huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olindi. Tergov-surishtiruv jarayonlari davomida makkora ayol barcha qilmishlarini tan olib, jabrlanuvchilardan olgan 3180 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini o‘z egalariga qaytardi.

Xalqimizda olijanoblik va kechirimlilik kabi yuksak insoniylik fazilat hamisha qadrlanadi. Jabrlanuvchilar makkora ayolga ma’naviy zararlar bo‘yicha hech qanday da’o va e’tirozlar yo‘qligini aytib, ayol kishi bo‘lganligi uchun uni kechirganliklarini ma’lum qildilar.

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumani sudi hay’ati holatni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib, O.Alimovaning “so‘nggi” ishlari uchun Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topib, unga shu modda bilan har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Sud Jinoyat kodeksining 61-moddasiga asosan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan tayinlangan 2 (ikki) yil axloq tuzatish ishlari jazosi, 8 (sakkiz) oy ozodlikdan mahrum qilish ishlariga tenglashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tumani sudining 2019 yil 24 sentyabrdagi ajrimi bilan tayinlangan 2 (ikki) yil 7 (etti) oy 9 (to‘qqiz) kun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga Jinoyat kodeksining 60-moddasi tartibida qisman qo‘shilib, tayinlangan jazo qattiq tartibli kaloniyalarda o‘tattirilishi belgilanib, ehtiyot chorasi aslicha qamoqda qoldirilib, uzil-kesil 2 (ikki) yilu 10 (o‘n) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

O.Alimova avval umumiy koloniyalarda jazo muddatini o‘tagan chog‘da yig‘olmagan “es”ini, endi qattiq tartibli koloniyada o‘tar paytida “yig‘ib” olsa ne ajab?!

Kiritildi: 14:52 13.08.2020. O'qildi: 3386 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!