Xorazm viloyatida fermer xo‘jaligi rahbari o‘ziga ajratilgan ekin yerida noqonuniy tarzda sun’iy ko‘l tashkil qilgani aniqlandi.
Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, olib borilgan tekshiruvlar davomida fermer xo‘jaligi rahbari I.B. Bog‘ot tuman hokimining qaroriga asosan o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan «M.R» fermer xo‘jaligiga 46 yil muddatga ijara huquqi asosida ajratilgan 29,8 gektar ekin yerining 7,3 gektar sug‘oriladigan qismida noqonuniy ravishda sun’iy ko‘l tashkil qilgani aniqlandi.
Fermer xo‘jaligi tomonidan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligiga yo‘l qo‘yilgan hamda davlat va jamiyat manfaatlariga 1 milliard 822 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Hozirda holat yuzasidan fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 197-moddasi (Erdan foydalanish shartlarini yoki ularni muhofaza qilish talablarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.