Bugun 13 sentyabr, 2025 yil, shanba

КИР

Xorazmda 5 kishini o‘ldirgan "poyga": haydovchi va YPX xodimlariga hukm o‘qildi

Xorazmda 5 kishini o‘ldirgan "poyga": haydovchi va YPX xodimlariga hukm o‘qildi

Xorazmda 5 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi va YPXning 2 nafar xodimi jinoiy jazoga tortildi.

Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, 2024 yil 27 sentyabr kuni soat 18:00 larda Shahzod Shamuratov (2005 yilda Xiva tumanida tug‘ilgan) o‘zining Cobalt mashinasini 4R-163 «Bog‘ot-Yangiariq-Xiva» avtomobil yo‘li bo‘ylab boshqarib borayotib, yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqqan holda uyali telefonidan foydalangan.

Buni ko‘rgan Xorazm viloyati IIB JXX YHXB saf bo‘linmalari yo‘l-patrul xizmati batalyoni 2-safarbarlik guruhi yo‘l-patrul xizmati inspektori Doniyor Masharipov haydovchiga to‘xtash ishorasini bergan. Biroq haydovchi YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan harakatlanib ketgan.

Shunda Doniyor Masharipov va u bilan birga xizmat olib borayotgan Ruslan Matyoqubov Onix rusumli shaxsiy avtomobilda haydovchini quvlashga tushgan. Ularning ta’qibidan qochib borayotgan haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, VAZ-2106 mashinasi bilan to‘qnashgan.

YTH oqibatida VAZ-2106 mashinasida bo‘lgan 1954 yilda tug‘ilgan R.K. voqea joyida, 1957 yilda tug‘ilgan Z.V., 2004 yilda tug‘ilgan homilador O.O. 2014 yilda tug‘ilgan I.O. hamda 2020 yilda tug‘ilgan E.Q. shifoxonada vafot etgan. 2009 yilda tug‘ilgan B.O. esa og‘ir tan jarohati olgan. Vafot etganlarning barchasi bir oila vakillari bo‘lishgan.

Holatni ko‘rgan YPX xodimlari Ruslan Matyoqubov va Doniyor Masharipov birinchi yordam ko‘rsatish o‘rniga voqea joyidan qochib ketishgan.

Shahzod Shamuratov sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

«YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan Xiva tumani tomonga qarab harakatlanib qocha boshladim. Shu payti orqamdan qora rangli Onix mashinasi quvib yetib keldi. Unda 2 nafar YPX xodimi o‘tirganini ko‘rdim. Shundan keyin tezlikni oshirib, oldimdagi svetoforning qizil chirog‘ida ham to‘xtamasdan o‘tdim. YPX xodimlari ham svetoforning qizil chirog‘ida o‘tib, signal chalib, mashinaning old chiroqlarini yoqib-o‘chirgan holda quvib kelishdi. 110-120 km/soat tezlikda harakatlangan bo‘lsam-da, ular meni 50-100 metr masofada yaqin kelib, quvishdi.

Taxminan 2-3 km masofadan keyin xavfli burilishga kelganimda, boshqaruvni yo‘qotib, katta tezlikda qarama-qarshi tomonga o‘tib ketdim va VAZ-2106 rusumli avtomashina bilan to‘qnashdim», degan u suddagi ko‘rsatmasida.

Sud hukmi bilan Shahzod Shamuratov Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

YPX xodimlari – 1993 yilda tug‘ilgan Ruslan Matyoqubov va 1986 yilda tug‘ilgan Doniyor Masharipov Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a”bandi, 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish) 3-qismi “a” bandi, 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan 2 yil IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan. Jazoni manzil-koloniyada o‘tash belgilangan.

Xorazm viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2025 yil 10 iyundagi hamda Xorazm viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 10 sentyabrdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi qarori bilan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlangan.

Ushbu Nizomning 48-bandiga ko‘ra, o‘zining shaxsiy xavfsizligi va harakat qatnashchilari xavfsizligini ta’minlash uchun ta’qib qilish yoki kuzatish vaqtida YPX xodimi quyidagilarga amal qilishi lozim:

  • patrul avtomobilida maxsus chiroq-mayoqcha va tovushli signallar muntazam yoqilgan holatda bo‘lishi;
  • aniq shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda harakat tezligini tanlashi;
  • saf bo‘lim (bo‘linma) yoki IIB navbatchisiga o‘zining ketayotgan joyi, qayerdaligi va harakatning yo‘nalishi to‘g‘risida ma’lum qilib turishi;
  • yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini hushyorlik va ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari bo‘yicha xabardor qilib borishi;
  • ta’qib qilish va kuzatish jarayonida transport vositasining harakatlanishini cheklash choralarini ko‘rishi.

YPX xodimi ta’qib qilish yoki kuzatish vaqtida yo‘l harakati qatnashchilarining hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli harakatlar sodir etmasligi lozim.

Kiritildi: 18:22 12.09.2025. O'qildi: 1411 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!