Bugun 5 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

XOQ transgenderlarga Olimpiadada ishtirok etishni taqiqlashi mumkin

XOQ transgenderlarga Olimpiadada ishtirok etishni taqiqlashi mumkin

Transgender sportchilarning Olimpiadada ayollar yo‘nalishida ishtirok etishi taqiqlanishi mumkin. Bu chora musobaqalarda adolatni ta’minlash maqsadida ko‘rilmoqda. Bu haqda The Times nashri Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) pozisiyasidagi o‘zgarishga tayanib xabar berdi.

XOQ tomonidan buyurtma qilingan ilmiy tadqiqot natijalariga ko‘ra, jinsini o‘zgartirgan erkaklar (ya’ni ayolga aylanganlar) jismoniy jihatdan ustunlikka ega va bu ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda teng sharoitni buzadi.

Manbalarga ko‘ra, qaror DSD (jinsiy rivojlanish buzilishi) bo‘lgan sportchi ayollarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Bu masala 2024 yil Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada paytida keng muhokama qilingan – o‘shanda Imana Xelif 66 kg vazn toifasida ayollar boksidan g‘olib chiqqan edi. Raqiblari va tanqidchilar uni erkak kabi jismoniy imkoniyatga ega ekanlikda ayblashgan. Yaqinda Xelif Niderlandiyadagi turnirda ishtirok etishdan bosh tortdi, chunki boks federasiyasi undan jinsni aniqlash testi topshirishni talab qilgan. Xelif esa o‘zini ayol sifatida tug‘ilganini aytgan.

Yangi qoida qachon kuchga kiradi – hozircha ma’lum emas. XOQ rasmiy ravishda qarorni tasdiqlagani yo‘q. The Times ma’lumoticha, qaror 2026 yil boshida e’lon qilinadi.

«Ishchi guruh bu masalani muhokama qilishda davom etmoqda, hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Qo‘shimcha ma’lumotlar vaqti kelganda beriladi», – deb yozadi New York Post nashri tashkilot vakilidan iqtibos keltirib.

Ma’lumot uchun, navbatdagi qishki Olimpiya o‘yinlari 2026 yil fevral oyida Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampesso shaharlarida, yozgi Olimpiya o‘yinlari esa 2028 yilda AQShning Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, Parijda o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik bokschi Sitora Turdibekova ham jinsiy mansubligi yuzasidan xalqaro maydonda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan xitoy-taypeylik Lin Yu Tinga qarshi ringa ko‘tarilgan va imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi.

Kiritildi: 13:13 12.11.2025. O'qildi: 452 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!