Muhokama jarayonida loyiha yuzasidan 130 ta taklif va mulohaza kelib tushdi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi yakunlandi.
Mazkur loyiha so‘nggi yillarda muhokamaga qo‘yilgan hujjatlar orasida eng katta qiziqish uyg‘otganlardan biri bo‘lib, qariyb 16 ming marotaba ko‘rilgan. Muhokama jarayonida loyiha yuzasidan 130 ta taklif va mulohaza kelib tushgan.
Qaror loyihasi sohaga oid amaldagi qonunchilikni takomillashtirish hamda mavjud tizimning samaradorligini baholash asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi Soliq kodeksida belgilangan majburiylik va adolatlilik tamoyillarini to‘liq ta’minlashdan iborat.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2024 yilda 2 020 nafar xonanda tomonidan soliq deklarasiyasi taqdim etilib, ularga jami 1,1 milliard so‘m daromad solig‘i hisoblangan. Bu o‘rtacha bir ijrochiga yiliga 544,5 ming so‘mni tashkil etadi. 2025 yilda esa 305 nafar xonanda deklarasiya topshirib, ularga 154 million so‘m soliq hisoblangan bo‘lib, o‘rtacha ko‘rsatkich 505,6 ming so‘mni tashkil qilgan.
Mazkur holat sohada soliq ma’murchiligini yanada takomillashtirish, shaffof va yagona raqamli hisob tizimini joriy etish zaruratini ko‘rsatmoqda.
Qaror loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar — Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Raqobat qo‘mitasi hamda Soliq qo‘mitasi bilan kelishilgan holda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Adliya vazirligi muhokamada faol qatnashgan fuqarolarga minnatdorlik bildirib, bildirilgan barcha taklif va mulohazalar chuqur o‘rganilib, loyiha takomillashtirilgan holda yuqori turuvchi idoralarga kiritilishini ma’lum qildi.