Xabaringiz bor, hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev navbatdagi jangini venesuelalik Egli Moskedaga qarshi o‘tkazib, nokaut evaziga g‘alaba qozondi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa Moskeda kuchsiz, hech kim tanimaydigan bokschi ekanligi haqida turli "kommentlar" tarqaldi. Biz bokschi haqidagi ma’lumotlar bilan qiziqdik.
Moskedaning to‘liq ismi Egli Noel Moskeda Sanches bo‘lib, yarim yengil va super yengil vazn toifalarida ringga chiqadigan venesuelalik professional bokschi hisoblanadi. 1995 yilda tug‘ilgan, boks olamida "La Tormenta" (To‘fon) va "El Torpedo" (Torpedo) laqablari bilan tanilgan.
Moskeda faoliyatini 2015 yilda boshlagan, bugunga qadar jami 29 ta jang o‘tkazib, 27 tasida g‘olib bo‘lgan (20 ta nokaut). Ikki bor mag‘lubiyatga uchragan.
Moskeda o‘z faoliyatining dastlabki yillarida mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirib, kuchli nokautchi sifatida nom qozongan. U asosan Janubiy va Shimoliy Amerika (AQSh) hududlaridagi janglarda ishtirok etgan. Biroq, faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatini 2024 yil aprel oyida AQShda mag‘lubiyatsiz ketayotgan Feliks Parrillaga qarshi jangda (ochkolar hisobiga ko‘ra) qabul qilib olgan.
Ikkinchi mag‘lubiyatini esa Murodjon Ahmadaliyevdan qabul qilib oldi. Murodjon 4-raundda Moskedani nokautga uchratdi, bu venesuelalik bokschining dastlabki nokautli mag‘lubiyati bo‘ldi.
Xulosa shuki, Murodjon juda kuchli, tajribali bokschini mag‘lub etdi. Moskedani tanimasligimizga esa uning Janubiy va Shimoliy Amerika (AQSh) hududlaridagi janglarda ishtirok etganligi sabab, bizningcha.