Eron Oliy rahbari oyatullo Ali Xomanaiy payshanba kuni 12 kunlik urushda Isroilga qarshi g‘alabani e’lon qildi va agar AQSh yana Eron hududiga hujum qilsa, mintaqadagi Amerika bazalariga yangi zarbalar berilishi mumkinligini ma’lum qildi.
«Shuncha shovqin-suron, bayonotlar bo‘lishiga qaramay, sionistik rejim Eron zarbalari ostida deyarli quladi va yo‘q qilindi», — dedi Xomanaiy televideniye orqali qilgan murojaatida, uning rasmiy X (sobiq Twitter) sahifasida joylashtirilgan videoda.
«Men yolg‘onchi sionistik rejim ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabriklayman», — dedi u.
«[Tramp] katta voqea sodir bo‘lganida, hech nima bo‘lmagandek ko‘rsatishga harakat qildi», — dedi u dushanba kuni Qatardagi Al-Udeyd harbiy-havo bazasiga qilingan hujumga izoh berar ekan. Ushbu baza Yaqin Sharqdagi eng yirik amerikalik harbiy ob’ekt hisoblanadi.
Xomanaiyning so‘zlariga ko‘ra, bu hujum «shikast yetkazdi», ammo Tramp uni «juda kuchsiz hujum» deb baholagan. Rasman halok bo‘lganlar haqida xabar berilmagan.
Eron rahbari, shuningdek, mamlakatning AQShning mintaqadagi asosiy harbiy markazlariga yeta olishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi:
«Agar zarurat bo‘lsa, bunday harakatlar yana takrorlanishi mumkin. Agar biror tajovuz amalga oshirilsa, dushman albatta katta to‘lov to‘laydi», — dedi u.
Bu Xomanaiyning 24 iyun kuni AQSh vositachiligi bilan yakunlangan 12 kunlik Eron-Isroil urushi so‘nggidagi ilk ommaviy bayonoti bo‘ldi.
Uning ta’kidlashicha, AQSh tomonidan Eron yadroviy ob’ektlariga berilgan zarbalar «muvofaqiyatsiz» bo‘lgan va katta zarar yetkazmagan.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumlari natijasida 610 nafar kishi halok bo‘lgan, 4746 nafar yaralangan. Shu bilan birga, Isroil tomoni Eron zarbalari oqibatida 28 kishi halok bo‘lganini va 3000 dan ortiq odam jabrlanganini ma’lum qildi.