Yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish orqali hududlarning obodligini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatining Rishton tumani Bo‘ston mahallasi hududida joylashgan Xizrbuva ziyoratgohi ham yilning to‘rt faslida respublikamizning turli mintaqalari, hatto, qo‘shni davlatlardan kelgan duotalablar bilan gavjum.
Mahalliy aholining ta’kidlashicha, bu yerga Xizr alayhissalom dafn etilgan. Ziyoratchilar sonining keskin oshganiga 15-20 yilcha bo‘ldi. Buning natijasida o‘tgan vaqt mobaynida hudud tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Mahallada kulolchilik va boshqa milliy hunarmandchilik ustaxonalari, hashamatli do‘konlar qad rostladi. Ziyoratgoh atrofida milliy o‘yinlar kurash, dor namoyishi boshlanadi. Aholining daromadlari oshib, bugun yig‘inda kam ta’minlangan oilaning o‘zi qolmadi. Mahalla borgan sari obodlashib, kichik shaharcha ko‘rinishini olmoqda.
Tanganing ikkinchi tomoni
Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor. Muqaddas dinimizda sehrgarlik, fol ochish katta gunoh hisoblanadi. Ziyoratgohda esa aynan shu kabi amallar bajarilmoqda. Bu yerda bashoratchilik , qo‘rg‘oshin eritib qandaydir jodu qilish, boshqa sehrgarlik xizmatlarini joriy etgan kompaniya lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Albatta, buning uchun yaxshigina nazr ham undiriladi.
Xizrbuva ziyoratgohi mahalliy aholi eng ko‘p boradigan maskanlardan biri, deydi Bog‘dod tumanidan mehnat faxriysi Mehriniso Xolmirzayeva. Odamlarning Hizr alayhissalomga bo‘lgan ixlosidan bir guruh firibgarlar daromad orttirish maqsadida foydalanishayotgani ayanchli holat. Chekkadan bir folbinni kuzatdim. Yarim soatda 3 nafar mijozdan 100 ming so‘mdan ortiq pul ishlab oldi. Bundan tashqari, u mijozlarga fol uchun zarur, deya, balo-qazoni bartaraf qiladigan narsalar xarid qilishni buyurib, sheriklarining ham boyishiga ko‘maklashib yubordi.
Haqiqatan ham, Xizr nazar solganmi?
Ziyoratgoh qachon barpo etilgani to‘g‘risida mahalliy rivoyatlar, ilmiy manbalarda biror eslatma yo‘q. Maskanning xislatlari bilan bog‘liq el og‘zidagi aksariyat fikrlarning tarixi 30-40 yildan nariga o‘tmaydi. Ammo hududda istiqomat qiladigan ziyolilar ziyoratgoh qadimdan mavjud bo‘lganini ta’kidlashadi.
Yoshim oltmishdan oshgan, deydi Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Adhamjon Sobirov. Esimni taniganimdan buyon shu yerda Xizr boboning maqbarasi borligi to‘g‘risida rivoyatlarni eshitib kelaman. To‘g‘ri, bu rivoyatlar faqat mahalliy aholi orasida tarqalgandi. Shohimardon pirim va boshqa chegaralarimizdan tashqaridagi ziyoratgohlarga borish og‘irlashgach, maskanning mashhurligi oshib ketdi. Ilgari maqbara bir tup sada daraxti ostidagi supa tarzida bo‘lardi. O‘shanda ham mahalliy aholi, ayollar shu yerdan farzand, turmush o‘rtoqlarining ishlarini yurgizishni so‘rab kelishgan. Mahallamizdagi 60 ta xonadonda oilaviy tadbirkorlik asosida bejirim milliy kulolchilik buyumlari, esdaliklar, haykalchalar yasaladi. Umuman aholining uchdan ikki qismining ro‘zg‘ori Xizr bobo ziyoratgohi tufayli but. O‘tgan yili Respublika ishchi guruhi kelib hududimizdagi ahvolni o‘rgandi. Bu yerdagi tadbirkorlarga qulayroq sharoitlar yaratib berish borasida taklif va tavsiyalar berishdi. Natijada mahallamiz Obod qishloq dasturiga kiritilib, katta ta’mir ishlari olib borildi. Jumladan, ziyoratchilar ko‘pligidan yo‘llarimizda tirbandlik kuzatilayotgandi. Katta ko‘chaning kengligi 47 metrgacha kengaytirildi. Ichki yo‘llar to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Toza ichimlik suvi tortib kelindi. Barcha simyog‘ochlar, elektr simlari, transformatorlar almashtirildi. Do‘kondorlar do‘kon va ustaxonalarni ikki qavatli qilib qayta qurish, binolarni milliy me’morchilik an’analariga moslashtirish uchun kredit oldilar. Hududimizga, rostdan ham, Xizr nazar qilganining isboti shu emasmi?
Ulamolar nima deydi?
Diniy ulamolar Xizr alayhissalomning bu yerda dafn etilgani to‘g‘risida biror-bir manba yo‘qligini ta’kidlashadi. Mazkur maqbara atrofidagi sehrgarlik bilan bog‘liq voqealarni katta gunoh, diniy savodsizlik va firib yo‘li bilan daromad qilish deb hisoblashadi.
To‘g‘risini aytganda, ushbu jamoani gunohdan qaytarishga urinishlar ko‘p bo‘ldi, deydi Rishton tumani imom-xatibi noibi Bozorjon qori Mamajonov. Deyarli har juma namozida shu mavzu ko‘tariladi. Ammo lo‘ttibozlarga ixlos qilayotganlar soni tobora ortib bormoqda. Bu yerga kelayotganlarning son-sanog‘i yo‘q. Odam ko‘pligidan yo‘llarda qadam bosishga joy qolmaydi. Mahalliy aholi bu joyni Baraka mozor deb ataydi. Go‘yoki ziyoratchilarning kasb-koriga, ro‘zg‘origa baraka kirarmish. Keyingi paytlarda qo‘shni viloyatlar, respublikamizning boshqa hududlaridan ham odamlar kelib, go‘yoki omad tumori yasatishyapti, qo‘rg‘oshin quydirib fol ochirish yapti. Tuprog‘idan xastalik bor joylarga surtish shifobaxsh deb hisoblashyapti. Qandaydir duoni pichirlab o‘qib, piyolaga eritilgan qo‘rg‘oshin quyib qilinadigan bashorat larga odamlar ishonish yapti. Maqbaraning diniy-madaniy yoki tarixiy ahamiyati to‘g‘risida biror narsa aytolmayman. Diniy manbalarda bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘q. Bizningcha, duotalablar ishlari rivojini Yaratganning o‘zidan so‘ragani, savobli amallarni ko‘proq bajargani Allohga xush kelardi.
Manba: mahalladosh.uz