Bugun 22 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Xivadagi Deshon qal’a yashil hudud sifatida xalqqa qaytariladi — Ekovazirlik

Xivadagi Deshon qal’a yashil hudud sifatida xalqqa qaytariladi — Ekovazirlik

Xivadagi Deshon qal’a (Tashqi qal’a) Ichan qal’aga (ichki qal’a) o‘xshash sayyohlik maskaniga aylanadi. Uning vayron bo‘lgan devori qayta tiklanadi va u ko‘kalamzorlashtirilgan hudud va dam olish maskani sifatida xalqqa qaytariladi, deb xabar qildi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.

1842 yilda Xiva xoni Olloqulixon buyrug‘i bilan qurilgan Deshon qal’a bugun xaroba ahvolda. 6200 m qal’a devorining 2000 m qismi butunlay vayron bo‘lgan, yana 2500 m qismi esa yaroqsiz holatda. Bundan tashqari, ko‘p yillar davomida devor atrofida ko‘plab noqonuniy qurilishlar bo‘lib, harakatlanish uchun deyarli bo‘sh joy qolmagan, deyiladi xabarda.

Deshon qal’ani saqlab qolish maqsadida Xiva shahrining Shixlar mahallasidan 55 ta turar joy va noturar joy binolarini boshqa hududlarga ko‘chirish rejalashtirilgan. Ularning o‘rniga daraxt ko‘chatlari ekilib, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi.

Devor milliy me’morchilik an’analari va tarixiy qiyofaga mos ravishda qayta tiklanadi. Devor bo‘ylab kengligi 1,5−2 m bo‘lgan piyodalar xiyoboni yaratiladi. Tutash joylashgan Shixlar va Angarik mahallalarida zamonaviy sayyohlik majmuasi quriladi.

Ichan qal’a O‘zbekistonning eng diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lib, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Qal’a hududida 58 ta madaniy meros ob’ekti va arxeologik yodgorlik, 28 dan ortiq ekspozisiya, 56,7 mingga yaqin tarixiy ashyo va buyum, shuningdek, 174 ta hunarmandchilik do‘koni mavjud.

2024 yilda qal’aga 1 millionga yaqin xorijiy va 3,5 million mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. 2025 yilda 2 million xorijiy va qariyb 5 million mahalliy sayyoh kelishi kutilmoqda.

Kiritildi: 23:34 20.05.2025. O'qildi: 551 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!