Xitoyda og‘ir ishlab chiqarish jarohatidan so‘ng ikki oyog‘i son qismidan to‘liq uzilib ketgan 51 yoshli erkakka murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, oyoqlari qayta ulandi. Qariyb 20 oy davom etgan davolanish va reabilitasiyadan keyin bemor hozir maxsus yordamchi moslama bilan mustaqil harakatlana boshlagan.
“Chinapress” ma’lumotiga ko‘ra, baxtsiz hodisa taxminan 20 oy avval zavodda sodir bo‘lgan. Ish vaqtida mashina bilan bog‘liq avariya oqibatida erkakning har ikki oyog‘i son qismidan to‘liq ajralib ketgan.
Shifokorlar bemorning oyoqlarini saqlab qolish uchun zudlik bilan murakkab operasiya o‘tkazgan. Jarrohlik amaliyoti qariyb sakkiz soat davom etgan va uning davomida har ikki oyoq qayta ulangan.
Suchjou shahridagi Juyxua ortopediya shifoxonasi travmatologiya bo‘limi ma’lum qilishicha, bu ikki oyoqning son qismidan to‘liq uzilishi holatida ularni muvaffaqiyatli qayta ulash bo‘yicha dunyodagi birinchi operasiya sifatida qayd etilgan.
Hozirda bemor maxsus yurish moslamasi yordamida xona ichida birovning ko‘magisiz harakatlana olmoqda. U kundalik ehtiyojlarining katta qismini mustaqil bajarayotgani ham aytilgan.
Mutaxassislar bemorning sezish qobiliyati ham asta-sekin tiklanayotganini qayd etgan. Xususan, oyoqlarning to‘piqdan yuqori qismida sezuvchanlik qayta paydo bo‘lgan.
Shifokorlar reabilitasiya jarayoni ijobiy ketayotganini ta’kidlab, bemor kelgusi bir-ikki yil ichida yordamchi vositalarsiz ham mustaqil yurish imkoniga ega bo‘lishi mumkinligini bildirgan.