Xitoy yashirincha oltin xarid qilmoqda, bu esa ushbu qimmatbaho metallning rekord darajada qimmatlashishiga sabab bo‘lmoqda — Financial Times.
Tahlilchilarning ma’lum qilishicha, Pekinning ro‘yxatga olinmagan oltin xaridlari rasmiy ko‘rsatkichlardan 10 baravar ko‘p bo‘lishi mumkin. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Markaziy bankining bu yilgi oltin xaridlari ancha past bo‘lgan. Pekin avgustda 1,9 tonna, iyulda 1,9 tonna va iyunda 2,2 tonna oltin xarid qilgan, ammo bozorda rasmiy raqamlarga ishonadiganlar kam.
Société Générale tahlilchilari savdo ma’lumotlariga asoslanib, Xitoyning joriy yildagi umumiy oltin xaridi 250 tonnaga yetishi mumkinligini hisoblab chiqdi. Bu esa jahon markaziy banklarining oltinga bo‘lgan umumiy talabini uchdan biridan ko‘proq qismini tashkil qiladi.
"Shu tariqa Xitoy o‘z zaxiralarini yashirin tarzda diversifikasiya qilishga va AQSh dollaridan uzoqlashishga urinmoqda", deyiladi Financial Times maqolasida.