Energetika va toza havo tadqiqotlari markazi (CREA) analitigi Lyuk Uikendenning The Guardian nashrida keltirilgan hisob-kitobiga ko‘ra, joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida Rossiyaning xom neft eksportining 86 foizi (quvur orqali yetkazib berishlar ham shunga kiradi) Xitoy va Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.
"Agar Moskva ushbu bozorlarga kirish imkoniyatini yo‘qotsa, har oyda taxminan 7,4 milliard dollar eksport tushumidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu esa oyiga taxminan 3,6 milliard dollar soliq tushumlari yo‘qotilishiga olib keladi", — deydi Uikenden.
22 oktyabr kuni AQSh “Rosneft” va “Lukoyl” kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etganidan so‘ng, Xitoyning davlat neft kompaniyalari Rossiya neftini xarid qilishni vaqtincha to‘xtatgani, Hindiston neft qayta ishlash zavodlari esa importni keskin qisqartirishga tayyorligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
"Evropa Ittifoqi so‘nggi olti oyda erisholmagan natijaga AQSh bir kun ichida erishdi", — deya ta’kidladi Britaniyaning Qirollik qo‘shma mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI) eksperti Tom Kiting.
The Guardian'ning yozishicha, sentyabr oyida Hindistonning davlat neft qayta ishlash korxonalari tomonidan Rossiya neftini import qilish hajmi bir oyda 38 foizga kamayib, 2022 yilning may oyidan beri eng past darajaga tushgan.
O‘tgan oyda Rossiyaning qazilma yoqilg‘ilar eksportidan tushgan umumiy daromadi yana 4 foizga kamayib, keng miqyosli urush boshlanganidan buyon eng past ko‘rsatkichga yetdi. Hozirgi daromad hajmi 2022 yil sentyabridagi darajaning yarmiga teng.