Bugun 27 oktyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Putin Rossiya “dunyoda o‘xshashi yo‘q” qurol yaratganini aytdi

Putin Rossiya “dunyoda o‘xshashi yo‘q” qurol yaratganini aytdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy qism bo‘linmalari boshqaruvi punktiga tashrifi payti yadro dvigateliga ega “Burevestnik” qanotli raketalarining dunyoda o‘xshashi yo‘qligi haqida bayonot berdi.

“Menda sanoat vakillarining dokladi bor, mudofaa vazirligining ham xulosasi aniq. Bu dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan noyob ishlanmadir”, – deya Putindan iqtibos keltirgan davlat axborot agentligi (TASS).

Putin, shuningdek, ushbu qurolni ishlab chiqishga kirishilgan paytda yuqori darajadagi mutaxassislar ham uning yaqin istiqbolda ro‘yobga chiqishiga shubha bildirganini aytgan.

RF Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Putinga 21 oktyabr kungi sinov payti “Burevestnik” raketasi 14 ming km masofani bosib o‘tgani, 15 soat mobaynida havoda bo‘lgani haqida hisobot bergan.

Qayd etilishicha, “Burevestnik” raketasi ustidagi izlanishlar 2001 yilda AQSh 1972 yilgi Raketaga qarshi mudofaa tizimlarini cheklash to‘g‘risidagi bitimdan chiqqanidan keyin boshlangan.

Rossiya mudofaa vazirligi yangi strategik qurollar mamlakatga qarshi har qanday agressiyaning oldini olishga qaratilganini ma’lum qilgan.

Rus matbuoti da’vosiga ko‘ra, AQSh mudofaa vazirligi ham “Burevestnik” raketasi favqulodda uzoq masofaga parvoz qilishi va avtonomligi sabab har qanday vektordan zarba bera olishini tan olgan.

“Euronews” telekanali xabar berishicha, ayni paytda AQShda bo‘lib turgan Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev Oq uy vakillari bilan muzokarada “Burevestnik” qanotli raketasi muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tganini ma’lum qilgan.

G‘arb ekspertlari yadro dvigatelli “Burevestnik” raketasi uzoq muddat va masofaga parvoz qilishiga e’tibor qaratgan. Ayni choqda, ular boshqa raketalar kabi “Burevestnik”ning ham zaif nuqtalari mavjud deb hisoblaydi.

Rasmiy Moskva yadro dvigatelli raketa yaratilgani haqida bayonot berishi G‘arb bilan harbiy ziddiyat yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

Joriy yil 12-16 sentyabr kunlari Rossiya Belarus bilan hamkorlikda “Zapad-2025” strategik harbiy o‘quvini tashkil etdi. Harbiy razvedka bo‘yicha tahlilchi Rebekka Kofflerning yozishicha, Rossiya armiyasi mazkur mashg‘ulotlarda taktik yadro qurolini ishga solishni ham mashq qilgan. Jarayonga harbiy forma kiygan Putin boshchilik qilgan.

Ta’kidlanishicha, Rossiya ham, G‘arb ham yadro urushini istamaydi, ammo tobora qaltis tus olayotgan vaziyat yadro urushi ehtimoli har qachongidan ham kuchliroq ekanidan dalolat beradi.

Keyingi paytlarda Rossiya rahbariyati va olimlari yadro quroli ishga solinishi haqida goh oshkora tarzda, goh ishoralar bilan bayonotlar berib kelmoqda.

2022 yil 27 fevral kuni, Ukraina urushidan bir necha kun o‘tgach, Putin mudofaa vazirligiga yadro quroliga aloqador kuchlarni harbiy navbatchilikning maxsus rejimiga o‘tkazish haqida buyruq bergan edi. Mazkur tahdidli bayonot ortidan ehtimoliy yadro zarbasi xususida muhokamalar qizg‘in tusga kirdi.

Putin 2022 yil sentyabr oyidagi murojaatida mamlakat hududiy yaxlitligi tahdid ostida qolsa, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi haqida gapirgan.

Rossiya rahbari 2024 yil 29 fevral kuni mamlakat parlamentiga yo‘llagan murojaatida tashqi siyosatga doir masalalar haqida gapiraturib, yadro quroli shay holatda ekaniga ham shama qilgan edi.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar ortidan yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqida bayonot bergan.

Rossiyalik ayrim siyosatshunoslar G‘arb mamlakatlari “aqlini kirgizish” uchun namoyishkorona yadro portlashini amalga oshirishni taklif qilgani ham ma’lum.

AQSh prezidenti Donald Tramp 30 sentyabr kuni Kuantiko harbiy bazasida armiya generallari va qo‘mondonlar qarshisida so‘zlagan ma’ruzasida Rossiyani yadro quroliga oid mas’uliyatsizlarcha bayonotlar oqibatidan ogohlantirgandi. Tramp garchi hech qachon qo‘llashga zarurat bo‘lmasligini istasa ham, AQSh yadro arsenalini modernizasiya qilish lozimligini ta’kidlagan.

Kiritildi: Bugun 13:41. O'qildi: 1040 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!