Xitoy Tramp bilan kelishuv evaziga o‘zaro savdo aloqalarini qisqartiradigan davlatlarga tahdid qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
XXR Savdo vazirligi dushanba kuni bergan bayonotida, Pekin mamlakatlarning Qo‘shma Shtatlar bilan savdo nizolarini hal qilish qarorini hurmat qilishini bildirgan, biroq “Xitoy manfaatlari hisobiga kelishuvga erishadigan har qanday tomonga qat’iy qarshi ekanini” ta’kidlagan.
Pekin bu kabi harakatlarni “hech qachon qabul qilmasligini” va “keskin qarshi choralar ko‘rishini” bildirmoqda.
Xitoy buning o‘rniga Qo‘shma Shtatlarga qarshi birgalikda kurashishni taklif qilmoqda.
"Xitoy barcha tomonlar bilan birdamlik va muvofiqlikni mustahkamlashga, birgalikda javob berishga va bir tomonlama qo‘rqitish harakatlariga qarshi turishga tayyor", deyiladi XXR Savdo vazirligi bayonotida.
Avvalroq Tramp o‘nlab davlatlarni Xitoy bilan hamkorlikni cheklashga ko‘ndirish evaziga AQSh tomonidan bojlar bo‘yicha imtiyozlar taklif qilmoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.